Kontent qismiga oʻtish

Soxta kurakburunlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Soxta kurakburunlilardan yoʻnaltirildi)
Soxta kurakburunlar
Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Shuʼlaqanotli baliqlar
Turkum: Bakrasimonlar
Oila: Bakralar
Kenja oila: Pseudoscaphirhynchinae
Urugʻ: Pseudoscaphirhynchus
A. M. Nikolskii, 1900
Turlari
Sinonimlari
  • Kessleria Boghdanov 1882 non Nowicki 1864 non Lichtenstein 1886
  • Pseudoscaphirhynchus (Hemiscaphirhynchus) Berg 1911
  • Hemiscaphirhynchus (Berg 1911)

Soxta kurakburunlar, qilquyruqlar (Pseudoscaphirhynchus) — bakrasimonlar (Acipenseriformes) turkumi bakralar (Acipenseridae) oilasiga mansub chuchuk suv baliqlari urugʻi. Orol havzasi endemiklari. Amudaryo va Sirdaryoda uchraydi.[1][2]

Sirdaryo havzasida uchragan Sirdaryo kurakburuni bir necha oʻn yilliklardan beri qayd etilmagan, yuqori ehtimollik bilan qirilib ketgan boʻlishi mumkin. Amudaryo havzasi vakillari boʻlgan Amudaryo kichik kurakburuni tabiatan nihoyatda kam sonli va Amudaryo katta kurakburuni ham kam sonli boʻlib, bularning ikkisi ham TMXI qizil roʻyxatiga „Butunlay qirilib ketish xavfi ostidagi turlar“ maqomida kiritilgan.

Boshqa bakrasimonlarga solishtirganda soxta kurakburunlar nisbatan mayda baliqlardir. Ularning eng yirigi Amudaryo katta kurakburunining maksimal uzunligi dum xivchini bilan birgalikda 85 sm gacha, ogʻirligi 2-2,5 kg gacha yetadi. Soxta kurakburunlarning eng kichigi amudaryo kichik kurakburuni boʻlb, uning uzunligi 27,5 sm ga yetadi. U nafaqat urugʻning, balki sakrasimonlar turkumining eng kichik vakilidir. Amudaryo katta kurakburunining dumi uzun ipga oʻxshash xivchin bilan tugaydi, Amudaryo kichik kurakburunida xivchin boʻlmaydi. Sirdaryo kurakbunining turl formalarida xivchinlar uzun yoki qisqa boʻlishi mumkin. Soxta kurakburunlar asosan suvda yashovchi hasharot lichinkalari va mayda baliqlar bilan ozqlanadi. Ularning biologiyasi deyarli oʻrganilmagan.

Soxta kurakburunlar nihoyatda noyob baliqlar boʻlib, ularni ovlash mutlaqo taqiqlangan. Barcha turlari Oʻzbekiston va Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Taksonomiyasi va turlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgi vaqtda ushbu urugʻning uchta turi mavjud:

  1. Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi (Kessler, 1872) (Sirdaryo kurakburuni)
  2. Pseudoscaphirhynchus hermanni (Kessler, 1877) (Amudaryo kichik kurakburuni)
  3. Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Kessler, 1877) (Amudaryo katta kurakburuni)
Amudaryo katta kurakburunining tabiiy holatdagi tasviri. Quyi Amudaryodan tutilgan. Xorazm viloyati. Oʻzbekiston (2018)

Amudaryoda uchrovchi turlari oʻzaro chatishishi qayd qilingan. Soxta kurakburunlar orasida polimorfizm hodisasi mavjud boʻlib, Sirdaryo kurakburunining tumshuq uzunligi va dum xivchini uzunligiga qarab uchta, Amudaryo katta kurakburuning tana rangi, uzunligiga koʻra ikkita formasi uchraydi.

Avvalgi tadqiqotlarda Pseudoscaphirhynchus va Scaphirhynchus urugʻlari morofologik jihatdan yaqin boʻlganlari sababli oʻzaro bitta Scaphirhynchinae kenja oilasiga birlashtirilgan edi. Dastlabki genetik va kariotipik tekshiruvlar ushbu kenja oila vakillarini polifiletik kelib chiqishga ega ekanligini koʻrsatgan boʻlsa, oxirgi tadqiqotlarda bularning ikkisi alohida mustaqil Pseudoscaphirhynchinae va Scaphirhynchinae kenja oilalariga ajratilgan.

  1. https://www.itis.gov/servlet/SingleRpt/SingleRpt?search_topic=TSN&search_value=550549
  2. Froese, Rainer va Pauly, Daniel, nash. (2019). Pseudoscaphirhynchus turlari FishBase saytida. 2019-yil May versiyasi.