Kontent qismiga oʻtish

Soyagixona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Soyagixona — mayiz quritish uchun paxsadan qurilgan maxsus xona. Mayiz quritishning eng qadimiy usullaridan biri. Qashqadaryo viloyatining togʻli hududlarida koʻp uchraydi. Soyagixona atrofi ochiq, shamol esib turadigan, balandroq joylarda 8x5x4,5 m oʻlchamlarda, paxsa eni 60—70 sm qilib quriladi. Xona ichi shamollab turishi uchun toʻrt devorida shaxmatnamo tartibda uz. 60— 70 sm, kengligi 12—14 sm tirqishlar qoldiriladi. Xona ichida yerdan shipga qadar yogʻoch ustunlar oʻrnatilib, ularga koʻndalang qilib 20—30 sm oralikda uzum boshlarini osish uchun taxta qoqiladi yoki sim tortiladi.

Soyagixonada quritish uchun gʻujumlari koʻkimtir tusdagi Oq kishmish tanlab uziladi, uzum boshlari bir sutka soya joyda soʻlitiladi va saralab, Soyagixonaga osib chiqiladi. Quritish soyada, nim qorongʻi muhitda davom etgani uchun, mayiz yangi uzilgan uzum tusini saqlab qoladi. Quritish 30—40 kun davom etadi, soyagi mayiz chiqishi 20—22%. Keyingi yillarda Oʻzbekistonning boshqa viloyatlarida Qora kishmish navlari ham soya joyda quritilib, soyagi mayizlar tayyorlanmoqda.