Kontent qismiga oʻtish

Sarsabil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sparjadan yoʻnaltirildi)

Sarsabil, sparja (Asparagus) — lolaguldoshlar oilasiga mansub oʻsimliklar turkumi; sabzavot va manzarali ekin. Yevropa, Osiyo va Afrikada 150 turi bor. Oʻzbekistonda 2 turi yovvoyi holda uchraydi. Kaltabarg S. (A. brachyphyllus Turez.), fors (A. persicus Baker.) koʻp yillik, chirmashib oʻsadigan oʻt. Ikkala turi ham boshqa belgilari bilan bir-biriga oʻxshash, boʻyi 50—150 sm. Barglari mayda, barg qoʻltigʻida ninasimon koʻrinishda. Shakli oʻzgargan shoxchalar — kladodiylar hosil qiladi. Mevasi rezavor, rangi qizil. May oyida gullab, iyunda meva beradi. Toʻqaylarda oʻsadi. Dorivor S. (A. offcinalis) Yevropaning markaziy va jan. qismida, Kavkazorti va Shim. Kavkazda keng tarkalgan. Sabzavot sifatida ekiladi; uning yosh novdalari ovqatga ishlatiladi. Tarkibida 2% oqsil, 2,4% uglevodlar (klechatkadan tashqari), vitaminlar B, B2, PP, provitamin A mavjud. S.-dan asparagin olinadi. Hosildorligi 30—35 s/ga. S. ekilgan maydonlardan 10—15 yil hosil olinadi. S. asparagus nomi bilan manzarali oʻsimlik sifatida ham oʻstiriladi. [1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil