Spermaning (shahvat) o'zgarishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Spermaning o'zgarishi
Fayl:250px
Bepushtlikning asosiy sababi
KXK-10 N 40-51[1]

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga (1992-yil) koʻra, meʼyorda 1 ml erkaklar eyakulyatida kamida 20 mln spermatozoid boʻlib, ularning 50% dan koʻpi tez va sekin ilgarilab boradigan harakat qiladi.[2]

Aspermatizm[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aspermatizm – jinsiy aloqa vaqtida eyakulyatsiya boʻlmasligi[3]. Jinsiy mayllik va ereksiya saqlanadi. Aspermatizm bepushtlikka olib keladi. Uning sabablari urugʻ chiquvchi yoʻllarning bekilib qolishi, urugʻning qovuqqa otilib chiqishiga olib keluvchi urugʻ otuvchi yoʻllarning ektopiyasi boʻlishi mumkin. Moyak toʻqimasini gistologik tekshirganda spermatogenizning meʼyordaligi aniqlanadi.


Oligozoospermiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oligozoospermiya – eyakulyatda spermatozoidlarning yetarli miqdorda boʻlmasligi[4] 1 ml shahvatda 20 mln dan kam, shu bilan birga harakatchan spermatozoidlar soni 30% va undan ham kamroqni tashkil etadi. Meʼyordagi shakllari faqat 5–10 %, spermatogenez hujayralarining soni 40% va undan koʻproq boʻladi. Moyak toʻqimasini gistologik tekshirganda koʻpgina kanalchalarida spermatozoidlarning yetilishi faqat spermatid bosqichigacha yetganligi aniqlanadi. 1 ml shaxvatda 20 mln. dan kam normal spermatozoidlar boʻlishiga qaramay, koʻp hollarda xomiladorlik boʻlmaydi. Oligozoospermiya moyaklarning rivojlanmasligi, giperplaziyasi, kriptorxizm, ogʻir infeksiyani boshdan kechirish, parotit, nikotin, spirtli ichimliklar, narkotik moddalar bilan zaharlanish, jinsiy aʼzolarning yalligʻlanish kasalliklari, koʻpincha vezikulit natijasida kelib chiqishi mumkin.

Astenozoospermiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Astenoozosperiya - harakatchan spermatozoidlarning (A va B kategoriyadagisi 50% dan kam) yetarli miqdorda boʻlmasligi[5].

Teratozoospermiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teratozoospermiya – morfologik jihatdan meʼyordagi (30% dan kam) spermatozoidlarning yetarli miqdorda boʻlmasligi[6].


Azoospermiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Azoospermiya – eyakulyatda spermatozoidlar yoʻqligi[7]; sekretor va ekskretor turlari farq qilinadi. Birinchi turida moyak toʻqimasida spermatogenez buzilgan boʻladi; moyakni biopsiya qilganda urugʻ kanalchalarining atrofiyasi, faqat baʼzi bir kanalchalarda spermatogoniyning meʼyordagi spermatozoidlargacha yetilganligi aniqlanadi. Sekretor azoospermiya moyaklarning rivojlanmasligi, ularning mexanik shikastlanishi, gidrotsele, varikotseleda, moyaklarning yalligʻlanish kasalliklarini boshdan oʻtkazgandan keyin, spermatogen epiteliyning degenerativ oʻzgarishlari va atrofiyasi oqibatida boʻlishi mumkin. Bunday simptom yana avitaminozlarda, diabetda, rentgen bilan nurlanishda, asab–ruhiy kasalliklarda kuzatiladi. Ekskretor azoospermiya yalligʻlanish kasalliklarini boshdan oʻtkazilganligi natijasida urugʻ chiquvchi yoʻllarning chandiqli oʻzgarishlarida kuzatiladi. Moyakni biopsiya qilganda spermotogenez saqlangan boʻladi.

Nekrospermiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nekrospermiya – eyakulyatda spermatozoidlar soni yetarli miqdorda boʻladi, lekin ular harakatsiz boʻlib, faolligini termostatga  joylashtirib yoki maxsus eritmaga solib ham tiklab boʻlmaydi[8].  Moyak ortigʻida patologik oʻzgarishlar boʻlganda  nekrospermiya kelib chiqadi, yaʼni u joyda meʼyorda spermatozoidlarning yetilish jarayoni tugallanadi. Prostata bezidagi va urugʻ pufakchalaridagi yalligʻlanish jarayonida ham nekrospermiya paydo boʻlishi mumkin. Eyakulyatni  eozin buyogʻi bilan   maxsus boʻyagandan keyingi tekshirishlariga asoslanib mikroskop yordamida tashxis qoʻyiladi.



Gemospermiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gemospermiya – shahvatda qon boʻlishi[9]. Haqiqiy gemospermiyada moyakda, uning ortigʻida, urugʻ pufakchalarida, prostata bezida shahvatga qon tushadi va bunda shahvat toʻq-qizil yoki qoʻngʻir rangda boʻladi. Soxta gemospermiyada qon eyakulyat bilan siydik chiqarish kanalida aralashadi va shahvat toza qon bilan boʻyaladi. Jinsiy aʼzolarning yalligʻlanish kasalliklarida koʻpincha vezikulit oqibatida gemospermiya paydo boʻladi. Keksa va qari erkaklarda gemospermiya prostata bezi rakining belgisi boʻlishi ham mumkin.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • "Urologiya: Oliy o'quv yurtlari uchun darslik" (2018-yil Andijon)
  • "ИССЛЕДОВАНИЕ ЭЯКУЛЯТА" Учебное пособие - М.Ф. Владимирского. (2014-yil Moskva)