Kontent qismiga oʻtish

Spondilit

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Spondilit — umurtqa pogʻonasining surunkali yalligʻlanishi. Koʻpincha sil kasalligi sabab boʻladi. Zaxm, aktinomikoz, stafilokokk infeksiyasi (umurtqa pogʻonasining oʻtkir va surunkali osteomiyelitm), revmatizmga aloqador artrit va boshqa kasalliklarda S. kamroq uchraydi.

Sil S.ida umurtqa pogʻonasining koʻkrak boʻlimida, zaxm S.ida boʻyin boʻlimida, revmatizmga aloqador S.da bel va koʻkrak boʻlimlarida oʻzgarish roʻy beradi. Sil Si aksari 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda, zaxm S.i 40—50 yoshlarda, revmatizmga aloqador S. 20— 30 yoshlarda boshlanadi. Kasallik, odatda, astasekin, bemorga bilinmasdan rivojlanadi.

S.da umurtqalar tanasi yemirilib, umurtqa pogʻonasining shakli oʻzgaradi. Umurtqa pogʻonasining burchak hosil qilib qiyshayishi — bukrilik S.ning eng tavsiflovchi belgisidir. Umurtqalar tanasi bir tekis yemirilganda yon tomonga qiyshayish (skolioz) roʻy berib, koʻproq umurtqa pogʻonasining bel boʻlimida kuzatiladi (qarang Umurtqa pogʻonasining qiyshayishi).

S.da umurtqa pogʻonasi va uni oʻrab turgan muskullardagi tinimsiz kuchli ogʻriq umumiy sil intoksikatsiyasi belgilari: lanjlik, holsizlik, gavda temperaturasining koʻtarilishi va oriqlab ketish bilan birga kechadi. Kasallik ogʻirlashganda umurtqa pogʻonasining shakli oʻzgaradi (bukrilik), koʻpincha uni oʻrab turgan toʻqimalarda oqma yaralar paydo boʻlib, orqa miyaning zararlanishi kuzatiladi. Jarayon soʻngandan keyin ogʻriq yoʻqoladi, bemorning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Biroq buni sogʻayish deb boʻlmaydi. Odatda, infeksiyaning "yashirin" oʻchoqlari boʻlib, ular kasallikning qaytalanishiga olib kelishi mumkin.

S.ga kliniklab. va rentgenologik tekshiruvlar asosida diagnoz qoʻyiladi. Bemor antibakterial preparatlar, ortopedik metodlar (gips karavot, korset va umurtqa pogʻonasini fiksatsiya qilishning boshqa metodlari) bilan, shuningdek, sanatoriykurortda davolanadi. Baʼzan operatsiya qilishga toʻgʻri keladi.