Kontent qismiga oʻtish

Stigmatizatsiya nazariyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jinoyatlar qanday sodir etilishini tushunishda yordam beradigan eng muhim yondoshuvlardan biri — stigmatizatsiya (yaʼni yorliq yopishtirish, tamgʻa bosish) nazariyasidir, garchi bu atama yagona yondoshuvning emas, oʻzaro bogʻlangan gʻoyalar guruhini anglatsa ham.

Nazariyaning mohiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Stigmatizatsiya nazariyasi tarafdorlari ogʻishni individ yoki guruh tavsiflarining majmui deb emas, ogʻayotgan xulqli odamlar va ogʻishsiz xulqli odamlar oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir jarayoni, deb talqin qilishadi. Bu nuqtayi nazarga koʻra, ogʻishning mohiyatini tushunish uchun avvalo, baʼzi odamlarga nima uchun ogʻayotganlar yorligʻini yopishtirishlarini tushunish kerak. Qonun kuchi va tartibot vakillari yoki oʻzining axloqiy ustanovkalarini boshqalarga oʻtkaza oladigan odamlar yorliqning asosiy manbai hisoblanadilar. Yorliqlar ogʻishning toifasini aniqlash uchun qoʻllanadi va shu tarzda jamiyatdagi hokimiyat tuzilmasini ifodalaydi. Bu ogʻishlarni aniqlashda foydalaniladigan qoidalar va sharoitlar kambagʻallar uchun boylar tomonidan, ayollar uchun erkaklar tomonidan, kichiklar uchun kattalar tomonidan, mayda etnik birliklar uchun etnik koʻpchilik tomonidan belgilanadi. Masalan, koʻpgina bolalar birovlarning bogʻiga tushishadi, deraza oynalarini sindirishadi, meva oʻgʻirlashadi va darslarda qatnashmay yurishadi. Boy hududlarda bunday qilmishlarga ota-onalar, oʻqituvchilar va politsiya tomonidan unchalik jiddiy boʻlmagan shoʻxlik sifatida qaraladi. Qashshoq hududlarda ular ilk yoshlarda jinoiy mayllarning namoyon boʻlishi sifatida baholanadi.

Nazariyani tushunish uchun misollar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bolaga jinoyatchi yorligʻi yopishtirilishi bilan u tamgʻa bosilgan hisoblanadi; oʻqituvchilar va kelajakdagi ish beruvchilar unga ishonib boʻlmaydigan odam sifatida qaraydilar. Individ yana kriminal harakat sodir etadi va ortodoksal ijtimoiy meʼyorlar bilan oʻrtadagi tafovutni yana ham koʻpaytiradi. Huquqni buzishning dastlabki holatini Edvin Lemert birlamchi ogʻish, deb ataydi. Ikkilamchi ogʻish esa individ oʻziga osilgan tamgʻani qabul qilib, oʻzini jinoyatchi sifatida idrok eta boshlaganda yuz beradi.

Shanba oqshomida doʻstlari bilan shahardan tashqarida boʻlib, doʻkon vitrinasining oynasini sindirib qoʻygan bola xulqini koʻrib chiqaylik. Bu harakat yoshlar uchun kechirimli boʻlgan toʻpolonchilikning tasodifiy natijasi, deb baholanishi ehtimoli koʻproq. Agar u „hurmatga sazovor“ oiladan boʻlsa, voqeaning shunday yakunlanishiga toʻla ishonsa boʻladi. Vitrina oynasi tufayli yuz bergan hodisa, agar yosh yigitcha „tuzuk“ koʻrinishga ega boʻlsa, oʻsha paytda biroz ehtiyotsizlik qilgan, deb baholanishi mumkin. Biroq politsiya va sudning reaksiyasi keskinroq, aytaylik, shartli hukm chiqarish va vasiylik kengashiga yuborish toʻgʻrisida boʻlsa, bu hodisa ikkilamchi ogʻish jarayoniga qoʻygan birinchi qadam boʻlishi mumkin. „Jinoyatchi boʻlishga oʻrganish“ jarayoni ogʻayotgan xulqni tuzatish asosiy vazifasi boʻlgan tashkilotlar — koloniyalar, qamoqxonalar tomonidan chuqurlashtirib yuboriladi.

Stigmatizatsiya nazariyasining muhimligi shundaki, nazariya birorta ham xatti-harakat aslida jinoiy emas, degan farazdan kelib chiqadi. Kriminallikni aniqlash va talqin qilish hokimiyatga ega boʻlgan odamlar tomonidan qonunlarni shakllantirish va ularni politsiya, sud va axloq tuzatish muassasalari talqin qilishi yoʻli bilan belgilanadi. Yorliqlar nazariyasining tanqidchilari aytishicha, barcha madaniyatlar tomonidan man qilingan qotillik, zoʻrlash, qaroqchilik kabi harakatlar bor. Bunday nuqtayi nazar aslida unchalik toʻgʻri emas: hattoki bizning oʻz madaniyatimiz doirasida ham qotillik har doim jinoyat, deb baholanavermaydi. Harbiy davrda dushmanni oʻldirish ijobiy baholanadi va yaqin vaqtlargacha Britaniya qonunlari boʻyicha ayolning oʻz eri tomonidan zoʻrlanishi zoʻrlik hisoblanmas edi.

Nazariyaning olimlar tomonidan talqin etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Stigmatizatsiya nazariyasini boshqa uch yoʻnalish boʻyicha ishonchliroq tarzda talqin qilish mumkin. Birinchidan, bu nazariya doirasida yorliqlar yopishtirishga urgʻu beriladi, ogʻma xulqni keltirib chiqargan jarayonlar esa eʼtibordan chetda qoladi. Albatta yorliqlar oʻzi boʻlarchilik usulida yopishtirilmaydi, ijtimoiylashuv, ustanovka va imkoniyatlar odamlarning berilayotgan yorliqqa sezgirligi va munosabatiga, shuningdek yorliq berilgandan keyingi xulq-atvoriga katta taʼsir koʻrsatadi.[1]

Ikkinchidan, yorliq berish ogʻayotgan xulqning ogʻishini haqiqatan ham kuchaytirib yuborishi hozirgacha toʻla aniqlanmagan. Jinoiy xulq keyingi shubhalarni ham kuchaytiradi, biroq bu yorliqning natijasimi? Bu haqda aniq biror narsa deyish qiyin, chunki bu jarayonda koʻp omillar rol oʻynaydi, masalan, boshqa huquqbuzarlar bilan koʻproq muloqotga kirishish yoki jinoyat sodir etish uchun yangi imkoniyatlar paydo boʻlishi mumkin.[2]

Uchinchidan, turli yorliqlarning sabablarini oʻrganish zamonaviy qonun chiqaruvchi sud va politsiya tizimini tahlil qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Demak, ogʻishni tushunish uchun tarixiy jihatlar ham tadqiq etilishi kerak. Uilyam Nelson Massachusets shtatida 1760-yildan 1830-yilgacha boʻlgan davrda jinoiy qonunchilik protseduralari oʻzgarishini oʻrganib chiqdi. Mana shu davrda shakllangan qonunchilik va jazo tizimi keyingi davrda butun mamlakat boʻyicha shakllangan qonunchilik tizimiga kuchli taʼsir oʻtkazdi. Sud bayonnomalarini oʻrganar ekan, Nelson jiddiy oʻzgarishlarni aniqladi. Mustaqillik uchun Urushgacha sud aʼzolari qonunlarni oʻzlari talqin qilib, muayyan holatlar boʻyicha hukm chiqarishar edi. Oʻsha davrda mavjud boʻlgan mulk haqidagi qonunlar moliyaviy kelishuv va kapital jamgʻarilishiga koʻmaklashmas edi. Biroq urushdan keyin, manfaatlar iqtisodiy ekspansiya tomon siljigandan keyin, qonunlar xususiy mulkni himoya qilish tomoniga oʻzgartirildi. Yer va mulkni zoʻr berib sotib olish „ochiq tus“ oldi, ayni paytda mulkka qarshi jinoyatlar, shu jumladan, mayda oʻgʻirliklar ham juda jiddiy sanksiyalarga asos boʻldi.[3]

  1. Max Weber. Economy and Society. University of California Press, 1978. 
  2. David P. Farrington, Lloyd E. Ohlin and James Q. Wilson. Understanding and Controlling Crime : Toward a New Research Strategy. New York : Springer-Verlag, 1986. 
  3. Anthony Giddens. Sociology. Polity Press, 2006.