Kontent qismiga oʻtish

Stol tennisi oʻyin uslublari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Stol tennisi raketka bilan oʻynaladigan sport turlari orasida boshqa sport turlariga qaraganda oʻziga xosligi bilan ajralib turadi, chunki bu sport turida oʻyinchilar bir qancha oʻyin uslublarida oʻyin olib borishadi. Shuning uchun ham stol tennisi sport turi koʻp qirrali ekanligi bilan oʻziga xosdir. Sportchilarning oʻyin darajalari oshib borgani sayin ularning oʻyin uslublari xilma-xilligi kamayib boraveradi, bunga sabab esa texnik jihatdan oʻyinchilarning zaif uslublari ham oʻyin davomida tezda yoʻqolib boraveradi, ammo hatto eng katta xalqaro darajadagi stol tennisi oʻyinlarida ham juda koʻplab bir-biriga oʻxshamagan oʻyin uslublarini kashf etish mumkin. Masalan, stol tennischilarining oʻyin uslublari xilma-xilligi kuzatilishi jihatidan 2021-yil stol tennisi tarixidagi eng mashhur yil hisoblanadi. Stol tennisida hujumkor oʻyin uslublari boshqalariga qaraganda ustunlik qiladi. Biroq himoyaviy oʻyin uslublari ham ham hujumkor uslubdan ustun kelishi mumkin. Bu esa oʻyinchilarning oʻyin darajalariga bogʻliq.

Raketka ushlash usullari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dunyo boʻylab raqobatbardosh stol tennischilari raketkani turli xil usullar bilan ushlaydilar[1][2]. Oʻyinchilarning raketkalarni ushlash usullarini ikkita asosiy guruhga boʻlish mumkin:

  • Penhold
  • Shakehand

Hozirgacha raketka ushlash uslublari boʻyicha koʻplab oʻzgarishlar mavjud. Xalqaro stol tennisi federatsiyasining (ITTF) tomonidan belgilangan Stol tennisi qoidalarida raketkani aniq ushlash usuli haqida aniq koʻrsatmalar berilmagan[3].

Penhold usuli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Penhold usuli xuddi qalam ushlash usuliga oʻxshashligi uchun ham shunday nomlangan (inglizcha: pen – qalam, hold – ushlamoq). Soʻnggi yillarda raketkani bu koʻrinishda ushlovchi oʻyinchilarning chap tomondan kuchsizroq oʻyin koʻrsatishi kuzatilmoqda. Bu kamchilik penhold uslubida endigina sportga qadam qoʻyuvchi tennischilar uchun shakehand uslubidagi oʻyinchilarga qarshi oʻyin olib borishda koʻzga tashlanadi. Biroq bu narsa penhold uslubida oʻyin olib boruvchi dunyoga mashhur eng yaxshi oʻyinchilarning Jahon chempionatlari, Jahon kubogi va Olimpiya oʻyinlarida muntazam ravishda gʻalaba qozonishlariga toʻsqinlik qilmaydi, chunki chap tomonning zaifligi oʻrnini mukammal oyoq harakati yetarli darajada toʻldiradi, shuningdek, penhold uslubida chap tomondan oʻyin olib borish uchun qoʻlni orqa tomondan aylantirib zarba berish yoʻli bilan ham bu kamchilikni toʻldirish mumkin.

Shakehand usuli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shakehand uslubi stol tennisi oʻyinlarida raketkani ushlash usullari orasida saqlanib qolgan eng qadimgi uslublardan hisoblanadi. Ushbu uslub oʻng va chap tomondan oʻyin olib borishda energiyaning deyarli bir xilda teng taqsimlanishiga imkon beradi. Forehand (oʻng) va backhand (chap) tomonlar oʻrtasidagi bu kesishish nuqtasi oʻyinchilarning eng zaif sohasi hisoblanadi.

Deyarli barcha yevropalik va osiyolik oʻyinchilarning taxminan uchdan ikki qismi bu uslubdan foydalanishadi.

Gʻayrioddiy raketka ushlash usullari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Stol tennischilarning aksariyat qismi yuqoridagi ikkita uslubdan birida oʻyin olib borishsa-da, hali yuqori darajadagi oʻyinda oʻz samaradorligini isbotlamagan va juda kam uchraydigan qiziqarli usullar ham mavjud.

  • V-usuli. Ushbu uslub Xitoyda ishlab chiqilayotgan eksperimental usul boʻlib, „gʻalaba uchun V“ (V for victory) shaklida raketka ushlashni nazarda tutadi. Bunda raketka tutqichi koʻrsatkich va oʻrta barmoq oʻrtasida, boshqa barmoqlar tutqichning pastki va tepa qismida ushlab turiladi.
  • Seemiller usuli. Stol tennisi boʻyicha amerikalik chempion Den Seemiller tomonidan ishlab chiqilgan va ommalashtirilgan raketka ushlash uslubi. Seemiller uslubida koʻrsatkich barmogʻining uchi raketkaning backhand tarafi chetiga yetib boradi (yoki boshqa bir Amerika chempioni Erik Boggan usuli boʻyicha, raketka chetini oʻrab oladi).

Penhold usullari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Looper (ilmoq usuli)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Penholdning looper (ilmoq) usulida oʻyin olib boruvchilar, asosan, aylanmali topspin zarbalaridan asosiy qurol sifatida foydalanadilar. Sportchilar asosan yuqori tezlikka ega oyoq harakatlariga ega boʻlib, odatda, stolning katta qismini va hatto butun qismini qoplab olishga harakat qiladilar.

Penhold loopers usulida 1981–1983-yilgi jahon chempioni Guo Yuexua, 1988-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari oltin medali sovrindori Yo Nam-kyu, 1992-yilgi Yozgi Olimpiada erkaklar juftlik oʻyinlari oltin medali sovrindori Lü Lin, 1992-yilgi Yozgi Olimpiada bronza medali sovrindori Kim Taek-soo, 2001–2003-yilgi Jahon chempionati erkaklar juftlik bahslari gʻolibi Yan Sen, 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari oltin medali sohibi Ryu Seung-min, 2008-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari oltin medali sohibi Ma Lin, 2009-yilgi jahon chempioni Wang Hao, 2015-yilgi erkaklar oʻrtasida yakkalik va aralash juftlik oʻyinlari gʻolibi Xu Xin kabi koʻplab mashhur stol tennischilar oʻyin olib borishgan.

Counter driver

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Stol tennisida stolga yaqin masofada turib oʻyin olib borishda penhold usulining afzalligini toʻliq kuzatish mumkin. Oʻyinchilar stolga yaqin turib, counter driver usulini qoʻllashadi va raqibning yuqori aylanmali zarbalariga tezlikda javob qaytarishadi yoki qarama-qarshi forehand zarbalari bilan raqiblarining hujumlarini qaytarib tashlashga harakat qilishadi.

2000-yilgi Osiyo chempioni Chiang Peng Lung va janubiy koreyalik oʻyinchi Mun Xyon Jung kabi oʻyinchilar mashhur penhold counter driver usulida oʻyin olib boruvchi oʻyinchilar hisoblanishadi.

Short pips hitter (qisqa pips zarbasi)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qisqa pips zarbasini beruvchi oʻyinchilar stol ustida oʻyin olib borishadi va toʻp stoldan sakragan zahoti qisqa pips zarbasi bilan raqiblari tomonidan berilgan zarbalarga javob qaytarishadi.

1996-yilgi Olimpiada chempioni Liu Guoliang, 1985 va 1987-yillardagi jahon chempioni Jiang Jialiang, uch karra olimpiachi Toshio Tasaki, Yang Ying, Kwak Bang-bang, Seok Eun-mi, He Zhi Wen, Lee Eun-hee, Wang Zeng Yi va Rory Cargill kabi mashur stol tennischilar penhold uslubining qisqa pips zarbalariga ega sportchilar hisoblanishgan.

Shakehand uslublari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shakehand looper uslubi oʻyin davomida raqibga kuchli bosim oʻtkazishi bilan mashhur boʻlib, forehand zarbasiga qaraganda tez va kuchliroq aylanma zarbalar bilan oʻyinchilarga koʻroq ochko olib keladi. Shakehand looper usulida uzatilgan toʻp hatto raqib stoliga tushgandan keyin ham qayta orqaga qaytib kelish kuchiga ega.

Mashhur looperlar orasida Vladimir Samsonov, Jan-Mishel Saive, Werner Shlager, Wang Liqin, Ma Long, Fan Zhendong, Zhang Jike, Ding Ning kabi kuchli stol tennischilar bor.

Har tomonlama hujumchi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Har ikkala tomondan ham hujumkor oʻyin uslubida oʻynovchi stol tennischilarda yuqori effektga ega chap taraf backhand zarbasi ular uchun oʻyin davomida birinchi boʻlib hujumga oʻtish imkoniyatini yanada oshiradi va hujum qilinishi mumkin boʻlgan burchaklar sonini oshiradi. Har tomonlama hujumkor uslubda oʻynovchi tennischilar oʻyini looper uslubida oʻyin olib boruvchi oʻyinchilarnikidan unchalik farq qilmaydi.

Counter driver

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chap qoʻlda oʻyin olib boruvchi counter driver oʻyinchilari oʻyin davomida raqiblarining turli hujumlarini toʻsib, raqibni xato qilishga majbur qiladilar. Mashhur stol tennischilar orasida ushbu usulda oʻyin olib boradigan koʻp karra Olimpiya chempioni Chjan Yining, Fukuhara Ai, Tie Yana va He Zhuojia kabi bir qator nomdor tennischilar bor.

Hujumkor chopper (kesish)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Stol tennisidagi eng oʻziga xos uslublardan biri bu hujumkor kesish uslubidir. Stol tennisida deyarli barcha oʻyin uslublari orqali hujumkor oʻyin olib borishga va tashabbusni qoʻlga olishga harakat qilinsa, chopper uslubi orqali hujumga himoyaviy uslubda javob qaytariladi va toʻpni raqibga kesib uzatish usulidan foydalaniladi. Bu esa raqibni hujumni qaytadan boshlashga majbur qiladi. Himoyaviy chopper usuli ularga beriladigan takroriy hujumlarga sekinlik bilan beriladigan zarbalar bilan javob qaytaradi. Iloji boricha toʻpga stoldan uzoqroq va nisbatan kechroq javob qaytarishga harakat qilinadi, stol orqasida turib muntazam ravishda kesib qaytarilgan toʻp uzatmalari odatdagidan koʻproq vaqt oladi va shu orqali ular raqiblarini koʻproq charchatishga majbur qilishadi. Chopperlar teskari aylanuvchi toʻp uzatmalarining miqdori, yon tomondan toʻpni kesib uzatish (stolga egilish yoki raqibdan uzoqlashish) yoki oʻyin pozitsiyalari bilan boshqa uslubdagi oʻyinchilardan farq qilishlari mumkin. Bu esa raqib uchun odatiy va doimiy hujumga oʻtish imkoniyatini qiyinlashtiradi. Agar raqib hujumga oʻtishni davom ettirish oʻrniga himoyaga oʻtib olsa, unda hujumchi chopperlar kutilmaganda oʻyinni qoʻlga olish maqsadida himoyaviy kesish uslubidan raqibga qarama-qarshi hujumkor zarba berishi yoʻliga oʻtib olishlari mumkin. Odatda, teskari aylanmali toʻp uzatmalari forehand tomonidan amalga oshirilsa, oʻyin olib borishni yengillashtiradigan backhand tomoni uzoq yoki qisqa pips uzatmalarini amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Baʼzi oʻyinchilar oʻng tomondan amalga oshiriladigan pips uzatmalar uchun raketkaning himoyaviy tarafini tezlik bilan teskari aylantirib oladilar.

Jahon miqyosida tanilgan chopperlar orasida Koji Matsushita, Svetlana Ganina, Irina Kotikhina va Viktoria Pavlovich kabi nomdor oʻyinchilar mavjud, lekin chopperlarning baʼzilari, jumladan, Chen Weixing (Chen vaqti-vaqti bilan hujum qilish uchun backhand zarbalaridan foydalanadi), Joo Sae-Hyuk, Ding Song, Kim Kyung-ah, Park Mi-young va Tan Paey Fern kabi oʻyinchilar oʻzlarining oʻyin uslublarini yanada osonlashtirish maqsadida himoyaviy oʻyin uslubidan tezkor hujumga oʻtib olishadi. Stol tennisida juda kam sonli oʻyinchilar har ikkala tomondan ham himoyaviy usulda oʻyin olib borishni tanlaydilar, bunday kam sonli tennischilarga Vang Tingtingni misol keltirishimiz mumkin.

Chopper (himoyachi) va hujumchi oʻrtasidagi oʻyin, odatda, stol tennisi bilan professional tarzda shugʻullanmaydiganlar uchun toʻpning oʻyin davomidagi sekinligi va uni kesib uzatish usuli sababli oson tuyilishi mumkin, ammo haqiqiy stol tennischilar bu ikki oʻyin uslubiga ega oʻyinchilar oʻrtasidagi bahslar oson kechmasligini juda yaxshi tushunishadi.

  1. Yuza N., Sasaoka K., Nishioka N., Matsui Y., Yamanaka N. et al. (1992.) Game Analysis of Table Tennis in Top Japanese Players of Different Playing Styles. Int. J. of Table Tennis Scis. 1:79-89.
  2. Drianovski Y. and Otcheva G. (1998.) Survey of the game styles of some of the best Asian players at the 12th World University Table Tennis Championships (Sofia, 1998). International Table Tennis Federation (ITTF).
  3. „ITTF Handbook 2021“. International Table Tennis Federation (ITTF). Qaraldi: 2021-yil 8-avgust.