Kontent qismiga oʻtish

Sudlanuvchining oxirgi soʻzi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sudlanuvchining oxirgi soʻzi — jinoyat ishlari boʻyicha sud majlisida taraflar muzokarasining xotimasida sudning hukm chiqarish uchun maslahat xonasiga kirib ketishi oldidan sudlanuvchining sudga qarata aytadigan yakuniy soʻzi. Sudlanuvchining oxirgi soʻzini muayyan muddat bilan cheklab qoʻyish taqiqlangan, lekin uning ishga mutlaqo aloqasi yoʻq mavzulardagi soʻzlarini sud majlisida raislik qiluvchi toʻxtatib qoʻyishga haqli. Sudlanuvchining oxirgi soʻzi vaqtida sudlanuvchiga hech qanday savol berilishi mumkin emas. Basharti, sudlanuvchi oʻzining oxirgi soʻzida ish uchun muhim yangi holatlarni bayon qilsa yoki ishga aloqador, lekin tekshirilmagan dalillarni taqdim qilsa, sud uning yoki boshqa taraflarning iltimosiga koʻra, yoxud oʻz tashabbusi bilan sud tergovini yangidan boshlash haqida ajrim chiqarishi mumkin. Sud tergovi tamomlangach, sud muzokaralari qaytadan oʻtkaziladi va sudlanuvchining oxirgi soʻzi eshitiladi.