Kontent qismiga oʻtish

Sudya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
BMTning Xalqaro sudidagi sudyalar

Sudya — sud hokimiyatini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs. Sudyaga qonun bilan odil sudlovni amalga oshirish vakolatlari berilgan boʻlib, u oʻz vazifalarini professional asosda amalga oshiradi. Qonunda belgilangan sudyalik vakolatlarini berish tartibi Sudya lavozimi zarur professional tayyorgarlik, tajriba va maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlmagan shaxs tomonidan egallanishini mumkin qadar cheklaydi. Chunonchi, oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan O’zbekiston fuqarosigina sudyalikka nomzod boʻlishi mumkin (O’zbekiston Konstitutsiyaviy sudining sudyaligiga nomzod esa, bunga qoʻshimcha ravishda, „huquq sohasida yuksak malakaga ega deb eʼtirof etilgan“ boʻlishi lozim). Nomzodlarning yoshi va yuridik kasb boʻyicha ish tajribasiga qoʻyiladigan talablarga kelsak, ular turli daraja va boʻgʻinlar (kichik tizimlar) sudlari uchun har xil belgilangan. Asosiy boʻgʻin (shu jumladan harbiy va xoʻjalik) sudlariga tayinlash uchun nomzod 25 yoshga, oʻrta boʻgʻin sudlariga (shu jumladan harbiy sudlarga) tayinlash uchun — 30 yoshga, Oʻzbekiston Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudiga tayinlash uchun — 35 yoshga, Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudiga tayinlash uchun esa — 40 yoshga toʻlgan boʻlishi lozim. Nomzodlar yoshining yuqori chegarasi rasman cheklanmagan. O’zbekiston Konstitutsiyasi (112-moddasi)ga muvofiq, sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi. Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas. Sudyalar siyosiy partiyalarning aʼzosi boʻlishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa biron-bir faoliyat turlari bilan shugʻullanishi mumkin emas. Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda koʻrsatilgan asoslar boʻlgandagina ozod etilishi mumkin.