Sulaymon ibodatxonasi
Sulaymon ibodatxonasi (Birinchi maʼbad nomi bilan ham mashhur) (ivritcha: בֵּית-הַמִּקְדָּשׁ הָרִאשׁוֹן — „Maʼbadning birinchi uyii“) — Quddusda joylashgan qadimiy ibodatxona boʻlib, Muqaddas Bibliyaga koʻra, shoh Sulaymon davrida (shartli ravishda miloddan avvalgi X asrda) qurilgan. Miloddan avvalgi 587/586-yillarda Bobil shohi Navuxodonosor II tomonidan vayron qilingan[1]. Garchi bugungi kunda koʻpchilik olimlar Bobil qamali paytida Maʼbad togʻida ibodatxona mavjud boʻlgan degan fikrga qoʻshilishsa-da, uning qurilgan sanasi va qurdirgan shaxs nomi muhokamaga sabab boʻlmoqda[2].
Bibliyaning „Shohlar kitobi“ qismida ibodatxona qurilishi haqida batafsil maʼlumotlar keltirilgan. Unda aytilishicha, podshoh Sulaymon ibodatxonani derazasiz bunyod ettirgan[3]. Ibodatxonaga kirish juda cheklangan boʻlgan, yiliga bir marta mamlakatning oliy ruhoniysi Yom Kipur bayramida qurbonlik qilish uchun u yerga kirgan[3]. Maʼbad nafaqat ibodat qilish uchun diniy bino, balki Bani Isroilning yigʻilish joyi sifatida ham xizmat qilgan[4]. Maʼbadning vayron boʻlishi va yahudiylarning Bobilga surgun qilinishi Bibliyadagi bashoratlarning amalga oshishi sifatida qaraladi. Bobil surgunligi davri yahudiylarning politeistik yahveizmdan monoteistik iudaizmga oʻtishlarini tezlashtirgan deb taxmin qilinadi[4].
Dastlab koʻplab olimlar Bibliyada keltirilgan podshoh Sulaymon tomonidan maʼbad qurilishi haqidagi hikoyani haqiqiy deb qabul qilishgan, ammo 1980-yillarda muqaddas manbalar matni va arxeologik maʼlumotlarga shubha bilan yondashish baʼzi olimlarni Quddusda miloddan avvalgi X asrda biron bir ibodatxona qurilganiga ishonmaslikni keltirib chiqardi[5]. Ayrim olimlarning fikricha, shoh Sulaymonning asl ibodatxonasi kamtarona boʻlgan va keyingi shohlar davrida kengroq oʻlchamda qayta qurilgan[6]. Hozirgi Isroildagi Xirbet Qiyofa hamda Gʻarbiy Quddusda olib borilgan qazishma ishlari natijasida Bibliyada keltirilgan shoh Sulaymon qurdirgan inshoot borligi tasdiqlandi.
Joylashgan oʻrni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muqaddas Bibliyaga koʻra, Sulaymon ibodatxonasi Quddusdagi Moriya togʻida qurilgan, u yerda Xudoning farishtasi Dovud alayhissalomga zohir boʻlgan. Bu joy dastlab Dovud (a.s.) yabuslik Araunadan sotib olgan xirmon edi (2 Samuel 24:18-25).
Olimlar Shmid va Ruprextning fikriga koʻra, ibodatxona joylashgan joy Sulaymon yabusiylar va isroilliklarni birlashtirish maqsadida tanlagan yabusiylar ziyoratgohi boʻlgan[7].
Maʼbadning aniq joylashuv oʻrni nomaʼlum. Taxminlarga koʻra, ibodatxona hozirgi „Qubbat us-sahro“ qurilgan yerda boʻlgan[8].
Bobilliklar tomonidan vayron etilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yangi Bobil imperiyasi hukmdori Navuxodonosor II m. a. 589-yilda Quddusni qamal qildi va 30 oydan soʻng, miloddan avvalgi 587/586-yillarda shahar devorlarini buzib tashladi. Miloddan avvalgi 586-yil iyul oyida shahar Bobil qoʻshinlari qoʻliga oʻtdi. Bir oy oʻtgach, Navuxodonosor II farmoni bilan qoʻmondon Navuzaradan shaharni yoqib yubordi. Muqaddas Bibliyaga koʻra, „u Yahvening uyiga, shoh saroyiga va Quddusning barcha uylariga oʻt qoʻydi“ (2 Shohlar kitobi 25:9). Qimmatbaho buyumlar, haykallar, turli kitoblar talon-toroj qilinib, Bobilga olib ketildi (2 Shohlar kitobi 25:13-17). Ibodatxona m.a. 539-yilda forslar yahudiylarni Bobil asirligidan qutqargach, ular oʻz Vatanlariga qayta boshlaganidan keyin tiklangan va kengaytirilgan. M.a. 516-yilda Sulaymon ibodatxonasi xarobalari oʻrnida „Ikkinchi maʼbad“ nomini olgan ibodatxona qurilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Temple of Jerusalem
- ↑ Finkelstein & Silberman 2002.
- ↑ 3,0 3,1 Britannica: Holy of Holies.
- ↑ 4,0 4,1 Temple of Jerusalem.
- ↑ Garfinkel & Mumcuoglu 2019.
- ↑ David Ussishkin In: A.G. Vaughn and A.E. Killebrew (eds.), Solomonʼs Jerusalem: The Text and the Facts on the Ground. Jerusalem in Bible and Archaeology; The First Temple Period, Atlanta, 2003, pp. 103-115
- ↑ Clifford Mark McCormick. Palace and Temple: A Study of Architectural and Verbal Icons. Walter de Gruyter, 2002 — 31–-bet. ISBN 978-3-11-017277-5.
- ↑ Israel Finkelstein Jerusalem in Biblical Times...1350—100 B.C.E. - Israel Finkelstein YouTubeda Institute for Advanced Study, Princeton, New Jersey