Kontent qismiga oʻtish

Surxondaryo viloyat oʻlkashunoslik muzeyi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Surxondaryo viloyat oʻlkashunoslik muzeyi — madaniy maʼrifiy muassasa. Termiz shahrida 1934-yilda (1933-yilda uyushtirilgan xalq xoʻjaligi koʻrgazmasi asosida) tashkil qilingan. Muzeyda Termiz va termiziy allomalar tarixi, qadimshunoslik va tangashunoslik, xalq ogʻzaki ijodi, etnografiyasi, xalq, amaliy sanʼati, oʻlka tabiati, sporti, tasviriy sanʼat boʻlimlari hamda 14 ming nusxadan ziyod asarga ega kutubxona bor. Muzey fondi 64 mingdan ortiq (2004). Eksponatlar Surxondaryo viloyatining eng qadim zamonlardan hozirgacha boʻlgan tarixi va madaniyati haqida hikoya qiladi: turli davrlarga oid zargarlik buyumlari, turli davrlarda zarb qilingan tangalar, hunarmandlik buyumlari, ganch oʻymakorligi, meʼmoriy yodgorliklar qoldiqlari, sopol buyumlar, haykalchalar, toʻqimachilik dastgohlari, uy anjomlari, ish qurollari mavjud. Muzey madaniy-maʼrifiy ishlarni amalga oshiradi, koʻrgazmalar tashkil etadi, ilmiy ishlar nashr qiladi, boshqa koʻpgina ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Surxondaryo viloyat tarix va madaniyat muzeyi

2019-yil 29-oktyabrda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan viloyatda madaniyat, adabiyot, sanʼat sohalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilganligi, Voha tarixini, sanʼat asarlarini oʻzida jamlab, 85 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan viloyat oʻlkashunoslik muzeyiga Surxondaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi nomi berilgan hamda uning kolleksiyalarini saqlash va tashrif buyuruvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan yangi muhtasham binoga koʻchirilgan[1].

Muzey tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

3 qavatdan iborat muzey ekpozitsiyasi „Tabiat“, „Arxeologiya va tarix“, „Tasviriy sanʼat“, „Mustaqillik davri“ hamda „Etnografiya“ singari 5 ta boʻlimdan tashkil topgan. Muzey fondida 16 ta yoʻnalishda 61 ming 325 ta eksponat mavjud boʻlib, shundan, 3150 ta eksponat noyob ashyo va kolleksiyalar sirasiga kiradi. Muzeyga tashrif buyuruvchi viloyat aholi va viloyatimiz mehmonlari bu yerda saqlanayotgan nodir eksponatlardan xalqimizning ming yillik anʼanalari, qadriyatlarini oʻrganishlari mumkin. Surxondaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining umumiy holda 1,3 gektar yer maydoniga ega yangi binosi uchun 19,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, shundan 15,0 milliard soʻm qurilish-taʼmirlash ishlariga, 4,5 milliard soʻm esa eksponatlar bilan jihozlash ishlariga sarflangan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 443-son qarori bilan muzey negizida „Termiz“ davlat muzeyi -qoʻriqxonasi tashkil etilgan, Termiz tumanidagi „Zurmala minorasi“ va „Eski Termiz“, Sherobod tumanidagi „Zarautsoy“, Jarqoʻrgʻon tumanidagi „Jarqoʻrgʻon minorasi“, Shoʻrchi tumanidagi „Dalvarzintepa“, Muzrabot tumanidagi „Kampirtepa“ madaniy meros obyektlari muzey tasarrufiga oʻtkazilgan[2].

  1. „arxiv nusxasi“. 2023-yil 26-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-avgust.
  2. https://lex.uz/uz/docs/-4358328