Kontent qismiga oʻtish

Suv oʻlchash qurilmalari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Suv oʻlchash qurilmalari - maishiy va texnika maqsadlarida ishlatish, qishloq xoʻjaligi. ekinlarini sugʻorish va boshqalarga isteʼmol qilinadigan suv sarfini hisobga olish uchun moʻljallangan gidrotexnika inshootlari va texnika asbobuskunalari. Odamzod suvni oʻlchashga qadimdan ehtiyoj sezgan. Qad. Sharq mamlakatlari (ayniqsa, Misr) da qurgʻoqchilik koʻp boʻlishi sababli sunʼiy sugʻorish inshootlariga ehtiyoj katta boʻlgan. Mil. av. 2ming yillik oʻrtalaridan boshlab ariqlar qazilgan, damba va toʻgʻonlar, suv chiqarish qurilmalari (shaduflar) qurila boshlagan. Suv tanqis boʻlganligi uchun uni tejab ishlatish va oʻlchab taqsimlash zarur boʻlgan. Buning uchun toʻgʻonlarda suv sathini (demak, suv hajmini) koʻrsatadigan belgilar qilingan. Sugʻorish inshootlari va suvni hisobga olish vositalari borgan sari takomillashtirilib borilgan. Mas, oʻzbek qomusiy olimi Ahmad alFargʻoniy Misrdagi Nil daryosiga qurgan suv sathini oʻlchaydigan inshoot barpo etgan. Bu suv oʻlchash qurilmasi ilmiytexnik va meʼmoriy jihatdan gʻoyat ulugʻvor boʻlgan. Misr aholisi shu inshoot koʻrsatgan suv sathiga mos ravishda (agar suv sathi yuqori boʻlsa koʻproq, past boʻlsa kamroq) soliq toʻlagan. Bu inshoot hozir ham saqlanib qolgan. Oʻrta Osiyoda qadimdan suv taqsimoti bilan shugʻullanuvchi shaxs — mirob lavozimi mavjud boʻlgan. Hozirgi Oʻzbekistonda bu ish bilan xoʻjaliklarda gidrotexnik shugʻullanadi.

S.oʻ.q. jumlasiga suv taqsimlash postlarida qurilgan sath koʻrsatish belgilari boʻlgan inshootlar, gidrotexnika zulfinlari, rostlash inshootlari suv toʻsgichlar, koʻtarmalar va boshqa gidrotexnika inshootlari kiradi. Maishiy va texnika maqsadlarida isteʼmol qilinadigan suv miqdori suv hisoblagichlari (schyotchiklari) bilan hisobga olinadi. Bunday hisoblagichlar xonadonlar, xoʻjaliklar, korxonalarga oʻrnatiladi. Bu hisoblagich truba orqali vaqt birligida oqib oʻtadigan (sarf boʻladigan) suv hajmini (m³/sek yoki m/sek) oʻlchaydi. Bunday hisoblagichlarning bir tomonidan suv kirib, ikkinchi tomonidan isteʼmolchiga boradi. Suv hisoblagich parraklarini aylantiradi, parraklar hisoblash apparatini ishga tushiradi. Sarf boʻlgan suv miqdori hisoblagich darchasidan koʻrinib turadi.