Kontent qismiga oʻtish

Suvni zararsizlantirish

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Suvni zararsizlantirish - aholini yetarli va sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash (qarang Suv taʼminoti) hamda inson salomatligiga ziyon yetkazmaslik maqsadida xoʻjalikda ishlatiladigan va ichimlik suvni mikroorganizmlardan tozalash. Suvni zararsizlantirish kimyoviy va fizik usullar yordamida amalga oshiriladi. Fizik usullarga qaynatish, ultrabinafsha nurlar, gamma nurlari va ultratovushlar yordamida zararsizlantirish kiradi. Bunda suvni ichimlik suvining sifat darajalariga javob beradigan talabga keltirish mumkin. Qaynatish Suvni zararsizlantirishning muhim usullaridan boʻlib, bu jarayonda suvdagi barcha mikroorganizmlar oʻladi va suvning tabiiy mazasi buzilmaydi. Lekin koʻp miqdordagi suvni qaynatish imkoni yoʻq, shu sababli barcha mamlakatlarda vodoprovod suvlari xlorlab zararsizlantiriladi. Suvni xlorlash birinchi marta 1910-yilda amalga oshirilgan. Bu usul aholi salomatligini saqlashda katta ahamiyatga ega ekanligi aniklangandan soʻng u keng koʻlamda yoʻlga qoʻyildi.

Zero_liquid_discharge_system

Suvni xlorlashning samaradorligi suv muallaq moddalardan toʻliq xalos qilinishiga, xlorning optimal dozasi toʻg'ri tanlanishi va xlor bilan suvning toʻla toʻkis aralashish vaqti (30—60 min)ni toʻgʻri tanlashga bogʻliq. Xlor suvga qoʻshilgach, faqat mikroblar bilan emas, balki organik moddalar bilan ham reaksiyaga kirishishi hamda muallaq moddalarga yutilishi mumkin. Shuning uchun suvga qoʻshiladigan xlor miqdorining optimal dozasi tajriba yoʻli bilan toʻgʻri tanlab olinishi zarur.

Keyingi yillarda suvni xlorlashning yangi usullari topildi. Bunda elektrolit sifatida maxsus tayyorlangan natriy xlorid eritmasi, yukrri minerallashtirilgan yer osti suvi yoki dengiz suvidan foydalanish mumkin. Bunda gipoxlorid elektroliz yoʻli bilan vodoprovod stansiyasida Suvni zararsizlantirish uchun ishlatiladi. Bu usul iqtisodiy jihatdan tejamli.

Rivojlangan mamlakatlarda suvni ozon yordamida zararsizlantirish keng yoʻlga qoʻyilgan, bunda eng katta suv tarmogʻi inshootlarida suv ozon bilan zararsizlantiriladi. Ozon faqat bakteriotsid xususiyatga ega boʻlib qolmay, balki suvning organoleptik xususiyatlarini ham yaxshilaydi.

Suvni zararsizlantirishda qoʻllanadigan noyob usullarga suvni ultrabinafsha nurlar bilan, simobkvars yoki simobargon lampalari yordamida zararsizlantirish kiradi. Bu usullarning barchasi inson salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan.