Kontent qismiga oʻtish

Suvqalampir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Suvqalampir (Bodyanoy peres — Polygonum hydropiper L.) — toron turkumiga kiruvchi oʻsimlik boʻlib, uni Polygonum hydropiper nomi bilan atashgan. Ayni vaqtda ham koʻplab botanikaga oid adabiyotlarda mana shu eski nomi bilan uchrab turadi. „Oʻzbekiston florasi“ asarida ushbu oʻsimlikni „suvzomchi“ nomi bilan ham atalgan.

Biologik morfologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suvqalampir torondoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻtsimon oʻsimlik boʻlib, boʻyi 30-60 sm gacha yetadi. Poyasi tik oʻsuvchi silindirsimon, boʻgʻinli, qizgʻish rangli, asos qismidan boshlab shoxlangan. Suvqalampirning gullari oqish-yashil yoki qizil rangda va mayda boʻladi. Gullari siyrak boshoqsimon toʻpgulni tashkil qiladi, mevasi uch qirrali yongʻoqcha. Mevasi 2,2-3,5 mm keladigan yongʻoqcha. Iyun-sentyabr oylarida gullaydi. Mevasi avgust-oktyabr oylarida yetiladi. Urugʻidan juda oson koʻpayadi.

Suvqalampir keng tarqalgan oʻsimliklardan biri boʻlib, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Afrika va Shimoliy Amerikaning koʻpgina davlatlarida daryo va suv yoqalarida oʻsadi. U Oʻzbekistonning Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarining namli yerlarida, koʻpincha, ariq, jilgʻa, koʻl, zovur, hovuz boʻylarida tabiiy holda uchraydi. Suvqalampir unumdor va moʻl suvli tuproqlarda oʻsadi.

Farmasevtik xususiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suvqalampir oʻti tarkibida flavonoid, ramnazin, izoramnetin, rutin, kversitrin, giperozid, kversetin, kemfrevol, vitaminlardan C, K, karotin, qandlar, organik kislotalar, oshlovchi moddalar, oʻtkir taʼmli moddalar bor. Oʻsimlik ildizlarida esa antraglyukozidlar mavjud.

Xalq tabobatida qoʻllanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq tabobatida suvqalampir damlamasi bavosil, qon ketishi bilan bogʻliq ichak kasaliklari, bachadondan bemavrid qon ketganda hamda ogʻriqni qoldiruvchi sifatida davolashda ishlatiladi. Uning qaynatmasidan teri kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Jumladan, chipqon, Qorason (gangrena) kasalliklarida suvqalampir dorisidan foydalaniladi. Buning uchun 50 gr suvqalampir oʻti bilan 400 gr suvdan qaynatma tayyorlanib teri atroflari yuviladi.

Oʻsimlikdan damlanma tayyorlash uchun ogʻzi yopiladigan idishga bir stakan qaynab turgan suv quyib, uning ustiga suvqalampirning maydalangan yer usti qismidan bir osh qoshiq solinadi va 1 soat davomida damlab qoʻyiladi. Soʻngra dokada suziladi. Damlamadan kuniga 3 mahal ovqatdan oldin bir qoshiqdan ichiladi.