Suvqovoq
Suvqovoq – qovoqning bu turi boʻlib, qovoqgullilar oilasiga mansub, poyasi yer boʻylab, daraxtlarga chirmashib oʻsadi. Poyasining boʻyi 3 metrdan 15 metrgacha boradi. Mevasining uzunligi turlicha: 2 m.gacha boradigani ham, noksimon, 50 sm.gacha yetadigani ham bor.
Shakl-shamoyili va ishlatilish maqsadiga qarab u turlicha nomlanadi. Yurtimizning ayrim viloyatlarida kadi deb ataladigan qovoqning bu turi suvqovoq, tomoshaqovoq, nosqovoq yoxud bedanaqovoq kabi nomlarga ega.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu oʻsimlikning tarixi juda qadim davrlarga borib taqaladi. Suvqovoq tropik Afrikadan kelib chiqqan, lekin ayrim manbalarda uning vatani Hindiston ekani, u yerda oʻsimlikning yovvoyi turini uchratish mumkinligi aytiladi. Shuning uchun dunyo xalqlari uni „hindcha bodring“, „bodring pahlavon“, deb ham ataydi. Bu turfa shaklga ega qovoq miloddan avvalgi 3500—3300-yillarga tegishli qadimgi Misr qabrlaridan topilgan.
Miloddan avvalgi I asrga kelib bu qovoq turi Xitoyda ancha mashhur boʻlgan. U oʻsimliklarning malikasi sifatida eʼtirof etilib, alohida parvarish bilan yetishtirilgan va undan imperator tushligi uchun maxsus idishlar yasalgan. Sakkiz raqami shaklidagi suvqovoqni xitoy xalqlari fen shui unsuri sifatida qadrlaydi.
Xitoyliklar tumori
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qadim davrlardanoq odamlar suvqovoqda saqlangan mahsulotlar davolovchi xususiyatga ega boʻlishini bilgan. Bu qovoq bemorlarning tezroq sogʻayishiga va boshqa dori-darmonlarning yaxshiroq kor qilishiga yordam bergan. Ayniqsa, buni anglagan qadim xitoyliklar uni davolovchi tumor sifatida qadrlagan va haligacha fen-shuy unsuri sifatida foydalanib keladi. Bunday tumorni ularning eʼtiqodiga koʻra, kasal odamning yotogʻiga ilib qoʻyish kerak, deb qaraladi. Ammo bemorlarning sogʻayishiga yordam beruvchi qudrat undan yasalgan idishlarning ichida saqlangan mahsulotlarda ekanini bugun dunyo tan oldi. Buning asosiy sababi shuki, qovoq oʻzining shifobaxsh xususiyatlarini undan yasalgan idishda saqlangan mahsulotlarga ham inʼom etadi.
Bu oʻsimlik qadim Xitoyda quvvat manbai va tozalik belgisi sifatida eʼzozlangan. Afsonalarga koʻra, rohiblar bu moʻjizakor idishda boqiy umr eliksirini saqlagan. Xitoyda suvqovoqdan yasalgan idishlarni sovgʻa qilish tetiklik, hayotiy quvvat va tozalik zarrachalarini tilash bilan barobar sanaladi.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- tarixi[sayt ishlamaydi]
- xitoyliklar tumori
Yasalishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suvqovoqni yasash uchun kishilar oʻsimlikning idishga mos shakli toʻliq pishib yetilishini kutgan. Uning pishib yetilganini rangidan ham ajratish mumkin. Idish yasashga tayyor deb hisoblangan qovoqning rangi toʻq sariq va jigarrang koʻrinishga ega boʻladi.
Dastlab uzib olingan qovoq toza suv bilan yaxshilab yuvilgan. Shundan soʻng ingichka va oʻtkir pichoqcha (qalamtarosh) bilan dumi va qopqogʻi kesib olingan. Shundan soʻng magʻzi va urugʻi yaxshilab tozalangan. Yana bir bor tozalash uchun ogʻzigacha suv toʻldirilgan. Toza boʻldi, deb hisoblangan qovoq yaxshilab quritilgan va mahsulotlar saqlash uchun bemalol foydalanilgan.
Foydalanilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qovoqning bu turidan turli maqsadlarda foydalaniladi. Jumladan, taom tayyorlashda, mahsulotlarni yaxshi saqlashda, suvener — sovgʻa maqsadlarida, xitoyliklar esa, yuqorida aytganimizdek, ilohiy maqsadlarda foydalanadi.
Taom tayyorlashda uning faqat yoshi 3-5 kunlik, uzunligi 30-50 sm boʻlganigina ishlatiladi. Ayrim navlari – butilkasimon shakldagilari achchiq mazaga ega, shu sababli uni taomda qoʻllab boʻlmaydi. Bu navi taomda ishlatilmasa-da, manzarali idishlikka yaraydi. Undan turli-tuman idishlar, choʻmichlar, qoshiqlar yasalib, sirtdan boʻyoq bilan zeb beriladi.
Tomoshaqovoqqa ishlangan miniatyuralarni koʻrgan chet ellik sayyohlar yurtimizning qadim oʻtmishini, goʻzalligini jo etgan bu idishlarni xarid qilib, estalik sifatida oʻz yurtlariga olib ketadi.
Suvqovoqni idish sifatida bemalol ishlatsa boʻladi. Suyuq va kukunsimon oziq mahsulotlarini saqlashga juda qulay. Aytaylik, sut bunday idishda uzoq muddatgacha yaxshi saqlanib, achib qolmaydi. Momolarimiz esa ushbu xususiyatni yaxshi bilgani bois, qatiqni shunday idishlarga ivitgan.
Shakl-shamoyili keng va kattaroq boʻlganlaridan bedana saqlash va parvarishlashda foydalaniladi. Bizda bedana ishqibozlari undan qafas yasaydi va ustini toʻrxalta bilan yopib, ayvoniga osib qoʻyadi. Shuning uchun ham qovoqning bu shakliga bedanaqovoq deb nom berilgan.
Juda kichik shakldagilari esa nosvoy solib yurishda ishlatilgan va ular nosqovoq deb atalgan.
Hatto qovoqning bu turidan musiqa asboblari yasashda ham foydalaniladi. Undan turli cholgʻu va zarbli musiqa asboblari yasaladi.
Tabobatda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bedanaqovoqning mevasi tarkibida kalsiy, temir, magniy, pektin, S, V1, V2, RR vitaminlari, karotin kabilar bisyor. Uning tarkibida oqsil va karbon suvlari kam boʻlsa-da, boshqa kichik maʼdanlar koʻproq boʻlgani bois, bir qator kasalliklarni davolashda qoʻllanadi. Jumladan, parishonxotirlikning oldini oladi, semizlikda yaxshi naf beradi. U moddalar almashinuvini yaxshilaydi, oshqozon-ichak yoʻli kasalliklarida asqatadi.
Bedanaqovoq immunitetni oshiradi, aʼzoi tanadan zararli moddalarni, tuzlarni haydaydi, qon bosimini tushiradi. Ayniqsa, buyrak xastaligiga shifo bagʻishlaydi. Buyrak yalligʻlanganda va buyrak-tosh xastaligida qoʻl keladi. Mevasida shishlar oʻsishini toʻxtatuvchi xususiyat bor. U yurak-qon tomir, jigar xastaliklarida, peshob xaltasi yalligʻlanganda shifo ato etadi.
Bedanaqovoqda tanadan xolesterinni chiqarib tashlash xususiyati ham mavjud.[1]
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |
- ↑ "Adolat koʻzgusi" gazetasi, Suvqovoq yoxud qovoqdan yasalgan idishlarning siri nimada? Munira Nazarova, 28.05.2015 №21 (1037)