Kontent qismiga oʻtish

Tabaqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tabaqa – muayyan xalq ichida ijtimoiy mavqeiga qarab boʻlinadigan guruh. Tabaqa urfodat yoki qonunda mustahkamlangan, avloddan avlodga oʻtib keladigan huquq va burchlarga ega boʻlgan. Tabaqalar oʻtmishda anʼanaviy zodagonlik va aslzodalik tushunchalari mavjud boʻlgan joylarda vujudga kelgan.

Sharq mamlakatlarida jamiyatni turli tabaqalarga boʻlinganligi tarixiy manbalarda qayd etib oʻtilgan. Masalan, qadimiy Hindistonda varnalar, kastalar mavjud boʻlgan. Musulmon mamlakatarida harbiylar, ahli qalam, ulamolar, qozilar, raiyat va boshqa alohida Tabaqaga ajralgan. Markaziy Osiyoda jamiyatni Tabaqaga ajratishni shartli ravishda 2 ga boʻlish mumkin. Birinchisi, sinfiy tabaqaga ajratish, uning tarixi ibtidoiy jamiyaning yemirilishi va sinfiy munosabatlarning shakllanishi, dinning kelib chiqishi bilan bogʻliq. Masalan, qabila boshliqlari, kohinlar jamiyatning imtiyozli tabaqasini tashkil etishgan (qarang Tabu). Ikkinchisi, ijtimoiy tabaqaga ajratish tabaqaning bu shakli ham ilk yozma manbalarga koʻra (Avesto) Markaziy Osiyoda qadimiy tarixga ega. Arablar istilosi, islom dini tarqalganidan soʻng, yanada keng tarqalgan. Sayyid, xoʻja, toʻra, mir, bek va boshqa jamiyatning oqsuyaklar tabqasini tashkil etgan boʻlsa, oddiy fuqaro – qorachalar deb nomlangan. Masalan, sayyidlar paygʻambar avlodlari sanalib, ular musulmon jamiyatida imtiyozli ijtimoiy tabaqani tashkil qilganlar va dindorlar orasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishgan. Xalq sayyidlarni baʼzan avliyolar qatoriga qoʻygan. Xoʻjalar islomda oqsuyaklar tabaqasi sifatida sayyidlardan keyin turib, baʼzi musulmon mamlakatlarida hozir ham ularning imtiyozlari saqlanib qolgan. Oʻtmishda xoʻjalar bilan oddiy fuqarolar (qoracha) oʻrtasida quda-andachilik munosabatlari cheklangan. Ijtimoiy munosabatlar rivojlanishi bilan jamiyatda ijtimoiy tafovut yoʻqolib boradi. Oʻrta Osiyoda XX asrga qadar turli ijtimoiy tabaqalar mavjud boʻlgan.

Tabaqachilikning yuksak namunasi Fransiyada boʻlib, u yerda XIV- XV asrlardan boshlab jamiyat tabaqalarga boʻlingan. Yuqori tabaqa aristokratiya va mayda dvoryanlar (jentri)dan iborat edi. Ruxrniylar boshqa tabaqaga mansub boʻlib, ular bir oz quyiroqsa tursalarda, maxsus imtiyozga ega edilar. Oddiy xalqni esa keyinchalik „uchinchi tabaqa“ deb atay boshladilar. Tabaqalanish boshqa davlatlarda turlicha shakllarda koʻrinadi.

Sayfullo Tursunov.