Kontent qismiga oʻtish

Taftish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Taftish — 1) boʻlib oʻtgan ish, hodisa va boshqa yuzasidan yoki haqiqiy ahvolni aniqlash maqsadida oʻtkaziladigan tekshiruv; 2) korxona, kompaniya, tashkilot, muassasalar moliyaxoʻjalik faoliyatini, mansabdor shaxslarning xizmat faoliyatini, hujjatlar, byudjet muassasalarida byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi; buxgalteriya yozuvlarining toʻgʻri yuritilishini tekshirish; nazorat qilish omillaridan biri. Taftishning umumiy tartibi va vazifalari hukumat qarorlari va tegishli nazorat idoralarining qoʻllanmalarida, kompaniya, firma ustavlarida belgilab koʻyiladi. Qonunlar, nizomlar, yoʻriqnomalarga rioya qilinishi, hujjatlarning toʻgʻriligi va ularda haqiqiy ahvol obyektiv aks ettirilgani, qoidabuzarliklar, soliklarning toʻgʻri toʻlanganligi, hujjatlar boʻyicha qayd etilgan tovarmoddiy boyliklarning mavjudligi taftish qilinadi. Rejalashtirilgan ishlarning bajarilishini tekshirish; xoʻjalik operatsiyalarining qonunga muvofikligi, moliya va smeta intizomiga rioya qilinishini tekshirish; davlat yoki xoʻjalik mulkining himoya qilinishini nazorat qilish, buxgalteriya hisobining toʻgʻriligi va buxgalteriya yozuvlarining sifatli rasmiylashtirilishini tekshirish muhim ahamiyatga ega. Vakolatli davlat organlari, maxsus audit firmalari (qarang Auditorlik xizmati), aksiyadorlik jamiyatlarining taftish komissiya (qoʻmita)lari tomonidan oʻtkaziladi. Taftishning tezkor (muntazam, davriy oʻtkaziladigan), yalpi (kompleks, har tomonlama), rejali va boshqa turlari bor. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24 dekabrda qabul qilingan. "Xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida" qonunida taftish oʻtkazishning tartibi va huquqiy asoslari belgilab berilgan.

Nurmuhammad Jo'rayev