Kontent qismiga oʻtish

Tahrir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tahrir — matbuotda bosish, radio, televideniyedan oʻqish, koʻrsatish va boshqa maqsadlar uchun moʻljallangan matnning tahririyat xodimi (muharrir, adabiy xodim va boshqalar) tomonidan ishlanish jarayoni. Shartli ravishda adabiy, ilmiy, siyosiy T. farqlanadi. Asarning mazmuni ustidagi T. ilmiy va siyosiy T. hisoblansa, qoʻlyozmaning shakli (kompozitsiyasi va uslubi) ustidagi T. adabiy T. hisoblanadi. Amaliyotda T. yagona ijodiy jarayon boʻlib, muallifning oʻziga xos uslubini saqlagan holda mazmun va shaklda mukammallikka erishish maqsadiga qaratiladi. Nashrni badiiy bezash va bezak materiallarini tayyorlash jarayoni badiiy T., matnni matbaada qanday terish (shrift turi, oʻlchami va boshqalar), qanday sahifalash va boshqalarni belgilab berish texnik T. deyiladi. Noshirlikda kitob qoʻlyozmasini tayyorlashda muharrir badiiy va texnik muharrirlar bilan birgalikda ijodiy ish olib boradi.