Kontent qismiga oʻtish

Talmih

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Talmih (arabcha – ishora qilish, biror narsa tomonga yengil nazar tashlash) – mumtoz sheʼriyatda keng qoʻllangan badiiy sanʼatlardan biri. Bunda shoir mashhur bir qissa, voqea yoki asarga ishora qilish orqali oʻz fikrini muxtasar hikoya qiladi. Shunga koʻra, T. sheʼrda oz soʻz bilan koʻp maʼnoni ifodalash sanʼati deyiladi. Masalan, Atoiy Sen buti Chin ishqida holimni ayb etkan kishi"Mantiquttayr" ichra koʻrsun Shayx Sanʼon qissasin.baytida oʻzining bir goʻzal ishqida ne holga tushganini batafsil bayon qilib oʻtirmay, Farididdin Attorning „Mantiq uttayr“ dostonidagi mashhur „Shayx Sanʼon qissasi“ga ishora qiladi: Shayx Sanʼon voqeasidan xabardor kishi mening holatimni sira ayb qilmaydi, deydi. Shu tariqa, butun bir kitobga jo boʻladigan fikr bir baytga singdiriladi.

T. 3 koʻrinishda namoyon boʻladi: ejoz, musovot va bast. Ejoz – oz soʻz bilan koʻp maʼnoni ifodalash. Musovotda soʻz va maʼno teng. Bayet esa maʼnoni koʻp soʻz bilan ifodalashdan iborat. Istiora va tashbih ejoz jumlasidan boʻlib, ortiqcha bayon va shubhani bartaraf etish uchun batafsil maʼlumot keltirish bilan bogʻliq sanʼatlar bast hisoblanadi. Bu sanʼatlardan eng koʻp qoʻllanadigani —ejoz.

Sharq mumtoz adabiyotida talmih sanʼatiga koʻp shoirlar murojaat qilgan. Zamonaviy shoirlar ijodida ham T.ning goʻzal namunalari mavjud.