Tanais daryosi boʻyidagi jang
Tanais daryosi boʻyidagi jang, Yaksart jangi — Oʻrta Osiyo xalqlarining Aleksandr (makedoniyalik Iskandar)ga qarshi olib borgan janglaridan biri (miloddan avvalgi 328-yil). Tanais (hozirgi Sirdaryoning yunoncha nomlaridan, boshqa bir nomi — Yaksart) boʻyida sodir boʻlgan. Aleksandr dare boʻyiga oʻrnashib olgach, Aleksandriya Esxata (Chekka Iskandariya) shahrini qurishga kirishgan. Biroq daryoning oʻng qirgʻogʻida (qad. Toshkent vohasida) yashovchi saklar (qangʻarlar) kabila ittifoqi boshligʻi ukasi Kartazis boshchiligida katta otliq qoʻshin yuborib, unga Aleksandr qurdirgan istehkomni buzib tashlab, makedoniyalik jangchilarni bu yerlardan haydab yuborishni buyuradi. Saklar Sugʻdiyonada koʻtarilgan Spitamen qoʻzgʻolonilan xabar topib, agar qoʻzgʻolon muvaffakiyat bilan tugasa makedoniyaliklarga qarshi hujumga oʻtmoqchi edilar. Ular daryoning narigi betidan turib boskinchilarga qarshi betoʻxtov kamon oʻqi yogʻdiradilar. Aleksandr qoʻshini daryo qirgʻogʻiga katta oʻqlarni otishga moʻljallangan mashina (qurilma)larni oʻrnatib, saklarni oʻqqa tuta boshlagan va shu oʻq yomgʻiri panasida kamonchilar bilan sopkrnchilar daryoni kechib oʻtadilar. Ular saklarning ilgʻor qismini chekinishga majbur qilib, bu bilan falanga va otlikdarning daryodan oʻtib olishiga imkon yaratib berganlar. Daryoning oʻng sohilida qattiq jang boshlanib ketgan. Uni 2 bosqichga boʻlib taʼriflash mumkin. Birinchi bosqich — makedon qoʻshinining ilgʻor qismi jangi. Saklar ga qarshi makedoniyaliklarning sarissa (nayza) bilan qurollangan otliq otryadi tashlanadi. Saklar ularni oʻrab olib oʻqqa tutadilar. Aleksandr yordamga piyoda askarlarni joʻnatadi. Saklar raqiblarini koʻzdan qochirmasdan ataylab chekina boshlaganlar. Ikkinchi bosqich — asosiy kuchlar jangi va saklarning umumiy chekinishi. Dastlab saklar makedon qoʻshini xujumlarini muvaffaqiyat bilan kaytarishgan. Shundan soʻng Aleksandr jangga oʻzining barcha otliq qoʻshinlarini tashlagan. Saklar choʻl ichkarisiga chekina boshlaganlar. Aleksandr saklarni 15 km masofagacha taʼqib etgan. Arrianning yozishicha, jazirama issiq, tashnaliqdan qiynalgan Aleksandr "aynigan kulmak suvini ichib kasal boʻlib qolgan". Aslida esa Kir II ning mashʼum xatosini yodida tutgan Aleksandr saklar yerining ichkarisiga kirib borishga jurʼat etmagan, chunki saklar ularni mamlakat ichkarisiga aldab olib kirib tormor qilishlari mumkin edi. Arrianning yozishicha, saklardan 1000 kishi, jumladan, ularning sarkardalaridan biri Strak halok boʻlgan, 150 kishi asir olingan. Kvint Kursiy Rufning yozishicha, makedoniyaliklardan 60 suvoriy, 100 nafar piyoda askar halok boʻlgan, 1000 kishi yaralangan. Jangdan soʻng saklar Aleksandr oldiga elchilar yuborib sulh tuzgan boʻlsalarda, kurashni davom etdirganlar.
Manbalar: Arrian, Anabasis Aleksandra, T., 1911; Kvint Kursiy Ruf, Istoriya Aleksandra Makedonskogo, M., 1963.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shoniyozov K, Qangʻ davlati vaqangʻlilar, T., 1990.
Fahriddin Hasanov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |