Tangri Berdi Dodxoh
Tangri Berdi Dodxoh | |
---|---|
Tangri Berdi Dodxoh | |
Qashqadaryo vohasidagi mashhur qoʻrboshi | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi | Qarshi yaqinidagi Koson |
Vafoti | 1926-yil |
Tangri Berdi Dodxoh — (?—1926) — Qashqadaryo vohasidagi mashhur qoʻrboshilardan biri. Turkistondagi milliy ozodlik harakatining faol ishtirokchisi[1].
Qoʻrboshilik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]U 1922-yilda oʻz guruhini tuzib, rahbarlik qilgan edi. U 1924-yil oxirida urushga chek qoʻyish maqsadida sovet hukumati rahbarlari bilan muzokaralar boshladi va ularga keskin talablarni qoʻygan. Uning talablarini bajarishni istamagan hukumat unga qarshi kurashni kuchaytirgan. Tangri Berdi Dodxohni yoʻqotish uchun hukumat turli xil usullarni qoʻllagan. Hatto uning yigitlari orasiga oʻz odamlarini kiritib, ulardan ham oʻz manfaatlari yoʻlida foydalangan. Tangri Berdi Dodxohning maslahatchisi Musulmonqul Shahrisabz uyezdining Qalqa qishlogʻida sovet hokimiyati tomonidan qoʻlga olingan. Tangri Berdi Dodxohga xizmat qilgan Said Eshon (1925-yilning kuzida qamoqqa olingan) aholi orasida katta nufuzga ega boʻlgan. Qoʻrboshi eshonning xizmatidan unumli foydalangan va ular orqali sovet hokimiyati kiritayotgan siyosatning mohiyatini xalqqa ochib yordam bergan. Turkiston frontining 1925-yil 19-sentyabrdagi maʼlumotiga qaraganda, Shahrisabz rayonida mahalliy aholi qizil armiyaning koʻngillilar otryadiga xizmatga oʻtganligi uchun Tangri Berdi Dodxoh ikki eshon yordamida ularning masjidga kirishini taqiqlab qoʻygan. 1925-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Tangri Berdi Dodxohga nisbatan kuchli iqtisodiy va harbiy xarakterdagi jazo choralarining qoʻllanishi natijasida u Qashqadaryo viloyatidagi qoʻngʻirot urugʻi yashaydigan joyga ketishga majbur boʻladi. Maʼlum muddatdan soʻng Tangri Berdi Dodxoh Gʻuzorga qaytib kelgan va 1925-yil 7-oktyabrda Abduqandi qishlogʻida yashay boshlaydi. Qashqadaryo viloyatida olib borilayotgan qurolli harakatning faol qoʻrboshilari Tangri Berdi Dodxoh, Mavlonbek, Mulla Abduroziq kabilar hisoblangan. Turkiston fronti siyosiy boshqarmasining 1925-yil 10-oktyabrdagi maʼlumotiga koʻra, qoʻrboshilarning birlashgan otryadi (80 nafar yigitdan iborat) bilan qizil askarlar oʻrtasidagi toʻqnashuvda qoʻrboshilarning 7 yigiti oʻldirilgan va 6 yigiti yarador qilingan. Tangri Berdi Dodxoh 1926-yil 26-aprelda Kitob tumanida boʻlgan janglarning birida qoʻlga olinadi va keyinchalik sovet hokimiyati tomonidan otib tashlanadi[2].