Kontent qismiga oʻtish

Tarix (Fukidid)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Tarix
Muallif(lar) Fukidid
Janr(lar)i Tarix
Nashr etilgan sanasi Miloddan avvalgi IV asr boshi

„Tarix“ yoki „Peloponnes urushi tarixi“ miloddan avvalgi V asrda yashab, ijod qilgan va miloddan avvalgi 431-404-yillarda sodir boʻlgan mazkur urushga shaxsan guvoh boʻlgan qadimgi yunon tarixchisi Fukidid tomonidan yozilgan tarixiy asardir. Fukidid mazkur urushda Afina yetakchiligidagi Delos ittifoqi tomonida, Afina qoʻshinlari qoʻmondoni sifatida ishtirok etgan. Mazkur kitob va unda muallifning tarixiy hodisalarga nisbatan yondashuvi tarixga bagʻishlab yozilgan koʻplab asarlar uchun namuna boʻlgan va eng dastlabki tarixiy asarlardan biri hisoblanadi. „Tarix“ sakkiz qismdan iborat.[1]

Fukidid Gʻarb tarixchilari orasida birinchilardan boʻlib xronologik tizimlilikni joriy qilgan boʻlib, bu asarda oʻz aksini topadi. Unda hodisalar yillar kesimida hikoya qilinadi. Yoz oylari asosan harbiy harakatlar bilan toʻlib-toshgan, joʻshqin kechsa, qish oylari aksincha sustlik va hordiq chiqarish bilan oʻtadi. Uning mazkur uslubi Gerodotning tarixiy metodikasidan farq qiladi.

Fukidid shuningdek, oʻz fikrini yetkazib berish uchun nutqlardan ham keng foydalanadi. Zamonaviy tarixiy metodika uchun uzundan-uzoq nutqlar biroz begona tuyulsada, Qadimgi Yunoniston ogʻzaki madaniyatida nutqlarning oʻrni va ahamiyati bebaho hisoblangan. Bu nutqlar qoʻmondonlar tomonidan askarlarga qaratilishi ham, yoki Afina va Spartalik notiqlar tomonidan ommaga qaratilishi ham mumkin.[2]

Asarning qoʻlyozmasi parchasi

Garchi Fukididning oʻzi Delos ittifoqi tomonda, yaʼni Afinalik boʻlsada, uning mazkur asari har ikkala tomon (Afina boshchiligidagi Delos ittifoqi va Sparta boshchiligidagi Peloponnes ittifoqi) uchun ham yon bosmaydi, balki sodir boʻlgan hodisalarni uchinchi shaxs nuqtai-nazaridan, xolis tahlil qiladi.

Dinning taʼsiri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitobda xudolar faol rol oʻynamagan. Bu jihati bilan Fukidid „Tarix“i Gerodot „Tarix“idan ancha farqli boʻlib, Gerodot oʻz asarida xudolarga tez-tez murojaat qiladi, undan tashqari Gerodotda undan bir necha asr oldin ijod qilgan shoir Gomerning hikoyalaridan koʻplab uchratish mumkin. Fukidid esa, aksincha, tarixiy hodisalarni insonlar qarorlari va say-harakatlarining natijasi, deb biladi.

Mif ratsionalizatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garchi Fukidid oʻzining „Tarix“ asarida Xudolarga murojaat qilmagan boʻlsada, baʼzan u Gomerga va uning dostonlariga murojaat qiladi va Gomer dostonlarida keltirilgan hikoyalarni va faktlarni oʻz davrida sodir boʻlayotgan hodisalar bilan solishtiradi. Misol uchun, u Gomer tilga olgan Troyaning vayron etilishi bilan bogʻliq faktlarni oʻz davrida kechayotgan urush bilan solishtiradi.

  1. Fukidid. Tarix
  2. Thucydides (2009-06-11), Hammond, Martin; Rhodes, P. J (eds.), „History of the Peloponnesian War“, Oxford World’s Classics: Thucydides: The Peloponnesian War, Oxford University Press, doi:10.1093/oseo/instance.00266021, ISBN 978-0-19-282191-1. Havolaga 08.12.2021 da murojaat qilindi.