Kontent qismiga oʻtish

Fantastika

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Taxayyulotdan yoʻnaltirildi)
"Ajoyib hikoyalar" ilmiy-fantastik jurnalining tasviri, 1926 yil dekabr.

Fantastika yoki taxayyulot (qadimgi yun. phantastike – xayolan tasvirlash sanʼati) – badiiy sanʼat turi. Fantastikarealizm va naturalizm yoʻnalishidagi sanʼat, adabiyotlarning aksi. Ayrim oʻrinda fantastika realizm bilan ham qoʻshilib ketadi. Fantastikaning shakli mifologik tushunchalarni, ertaklarni tasvirlashda koʻrinadi. Inson tasavvurida hayron qoldirarli xayoliy obrazlar va hodisalar, toʻqima holatlar, ajoyibotlar olami badiiy asarda voqelikka, hayot haqiqatiga qarama-qarshi qoʻyib tasvirlanadi. Fantastikaning adabiyot, sanʼatning boshqa tur va janrlaridan farqi shuki, uning tasvir sohasi amalda mavjud boʻlgan hayot emas, balki turmush haqidagi umumiy tasavvurdan kelib chiqadigan hayotdir. Shuning uchun hamma narsa va hodisalar jiddiy oʻzgargan, boʻrttirilgan, taajjublantiradigan darajada boʻladi. Fantastikaning maqsad va vazifalari faqat inson orzusini emas, balki kelajakda kutiladigan xatardan ogoh qilish, estetik zavq berish hamdir. Fantastika koʻpincha xalq ogʻzaki ijodida uchraydi. Lof, latifalar va dostonlarda fantastikani oʻta boʻrttirilgan shaklda kuzatish mumkin („Alpomish“, „Goʻroʻgʻli“, „Manas“ va boshqalar). Gomerning „Illiada“ dostoni, Migel de Servantesning „Don Kixot“ asari, Fransua Rablening „Gargantyua yoki Pantagryuel“ hajviy asari, Jonatan Sviftning „Gulliverning sayohatlari“, Alighieri Dantening „Ilohiy komediya“si, Mark Tvenning „Tom Soyerning sarguzashtlari“, Gyotening „Faust“, Mixail Bulgakovning „Ityurak“ va boshqa asarlari fantastika yoʻnalishining ajoyib namunalari sanaladi. Korney Chukovskiyning ertaklari, Alexander Kazansevning „Yonuvchi orol“, Aleksandr Grinning „Alvon yelkanlar“ asarlari, Xans Kristian Andersenning ertaklari ham kattalarga va bolalarga moye fantastika janrida yozilgan. Hozirgi zamon chet el badiiy fantastikasining namoyandalari sifatida yaponiyalik Kobo Abe, amerikalik Ayzek Azimovni, polshalik Stanislav Lem va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Fantastika nafaqat adabiyotni, balki faylasuflarning yirik ijodiyotini ham tashkil qiladi. Fantastikada obrazlar koʻp hollarda yaxlit mazmunda boʻlsa, yana ayrim oʻrinlarda ramziy maʼno kasb etadi. Hozirgi zamon oʻzbek adabiyotida Tohir Malikning „Hikmat afandining oʻlimi“, T. Hobilovning „Oyga safar“, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning „Sariq devni minib“, „Sariq devning oʻlimi“, Hojiakbar Shayxovning „Rene jumbogʻi“ asarlari fantastika janrida yaratilgan. Fantastika badiiy adabiyotdan tashqari folklorda, falsafiy utopiyada, kino va teatrda, tasviriy sanʼatda ham mubolagʻali boʻrttirish bilan aks ettiriladi. Fantastika syujet qurilmalari va ramziy maʼnolarda ifodalanar ekan, muallifning yoki bir davrning dunyoqarashi, turmush tarzi va undagi muammolar moʻʼjizali, gʻayritabiiy shaklda tasvirlanadi.

XIX-XX asrlarda ilmiy fantastika taraqqiy etdi. Ilmiy fantastikaning asosiy vazifasi – kelajakni bashorat qilib, badiiy ifodalashdan iborat. Asosiy tasvir usuli – fikriy eksperiment (tajriba). XX asrda ilmiy fantastikaning ravnaqi jamiyat taraqqiyotida fan va texnikaning tobora oʻsib berayotganligi bilan bogʻliq. Shartli ravishda ijtimoiy upotiya va „antiutopiya“ janrlari, falsafiy, „maishiy“, yumoristik, „texnik“ janrlar farqlanadi. Ilmiy fantastika umumadabiy va oʻziga xos tasviriy vositalardan foydalanadi.

Ilmiy fantastikaning asoschilari – F.Bekon (XVI asr), Berjerak, F.Gadvin (XVII-XVIII asrlar). XIX asrda fransuz fantasti J.Vern shuhrat topdi. Uning „Ajoyib sayohatlar“ turkum romanlaridan „Kapitan Grantning bolalari“, „Yer yuzi boʻylab 80 kunlik sayohat“, „Kapitan Gatterasning sarguzashtlari“ keng tarqalgan. Ingliz yozuvchisi G. Uells „Zamon mashinasi“, „Koʻzga koʻrinmas odam“, „Dunyolar kurashi“ romanlarida ilmiy-fantastik vosita bilan katta ijtimoiy masalalarni oʻrtaga qoʻygan. Sharq xalqlari ogʻzaki va yozma adabiyotida ilmiy fantastika mavzusi qadim zamonlardan beri salmoqli oʻrinni egallab kelgan. „Ming bir kecha“ turkumiga kirgan hikoyalarda, oʻzbek fantastik ertaklarida ilmiy fantastikaga xos xususiyatlar mavjud. Alisher Navoiyning „Farhod va Shirin“ dostonidagi „oynai jahonnoma“ haqidagi epizodlar, „Saddi Iskandariy“dagi Mallu tilsimiga qarshi kurash bobi ilmiy fantastikaning yaxshi namunalaridir. Hozirgi zamon oʻzbek adabiyotida ilmiy fantastikaga xos yoʻnalish koʻproq hikoya va ocherklarda koʻrinmoqda.

  • Kagarlitskiy Yu. Sh., Gerbert Uells, M., 1963;
  • Ilenkov E. V., Ob esteticheskoy prirode fantazii, v sb.: Voprosi estetiki, vip. 6, M., 1964.