Televideniye muharriri
Televideniye muharriri — bir vaqtning oʻzida dastur ssenariysi muallifi, prodyuser va rejissyorlik vazifalarini bajaradigan universal mutaxassis; suratga olish jarayoni va umuman koʻrsatuv va dasturlar uchun javobgar shaxs; televizion ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida ishtirok etadi. Bajaradigan vazifalariga koʻra televideniye muharrirlari bosh muharrir, katta muharrir va muharrirlarga boʻlinadi[1].
Kasb tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Matnlarning toʻgʻriligini tekshiradigan dastlabki mutaxassislar qoʻlyozmalar yaratilgan davrlardayoq shakllangan. Keyinchalik kitoblardagi matnlarning togʻriligini tekshirib boruvchi alohida kasb egalari paydo boʻldi. Ular dastlabki muharrirlar edi. Televideniye rivojlanishi bilan efirga uzatilayotgan dasturlarni boshqaruvchi shaxs- muharrirlar alohida mutaxassislik sifatida shakllandi[2].
Vazifalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Telekanallarda faoliyat olib boruvchi bosh muharrirning asosiy vazifasi ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, telekanal tarmogʻini rivojlantirish, pudratchilar bilan shartnoma tuzish va ishlarning bajarilishini nazorat qilishdan iborat boʻlsa, katta muharrir bu — bosh muharrirga boʻysunuvchi va telekanal ichki siyosatini olib boruvchi shaxs hisoblanadi. Katta muharrirning vazifalari taqdimotchilar va dastur ishtirokchilarini tanlash, translyatsiya materialining ishonchliligini nazorat qilish, senariyni ishlab chiqishda ishtirok etish va har qanday oʻzgarishlarni nazorat qilib borishdan iborat boʻladi[3]. Muharrirlar esa, oʻz navbatida katta muharrirga boʻy sunuvchi mutaxasis sanaladi.
Televizion matn tahriri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Televizion matn tahriri oʻz ichiga quyidagi bosqichlarni qamrab oladi:
- Tayyorogarlik bosqichi
- Muharrir tahlili va matnni toʻgʻirlash
- Kompozitsiya ustida ishlash
- Dalillarga asoslangan materiallarni tekshirish
Tayyorogarlik bosqichi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tayyorgarlik bosqichi tahririyat faoliyatining boshlanishi hisoblanadi. Bu tashkiliy va ijodiy sifatda tavsiflanishi mumkin. U quyidagilarni oʻz ichiga oladi: nashriyot, telekanal, radiostansiya profiliga mos keladigan mavzu yoʻnalishini aniqlash; sarlavhalar, loyihalar, shuningdek, muallifni tanlash va u bilan birgalikda vazifani aniqlashtirish va tahrirlash.
Tayyorgarlik davri muharrir uchun qoʻlyozmani muallifdan olish bilan tugaydi. Shunday soʻng, muharrirning faoliyatidagi eng muhim ish — tahrir jarayoni boshlanadi. Bu ijodiy jarayonni shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin: mazmun ustida ishlash (ilmiy tahrir) va kompozitsiya, til va uslub ustida ishlash (adabiy tahrir). Televideniyeda adabiy tahrirlash jarayoni matnning oʻziga xos xususiyatlarini (ekran, tasvir va ovoz) hisobga olgan holda amalga oshiriladi[4].
Muharrir tahlili va matnni toʻgʻirlash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Matn ustida ishlash maʼlum ketma-ketlikda amalga oshiriladi: avval muharrir tahlili, soʻngra uning natijalarini amalda tatbiq etish. Muharrir tahlili — bu avvalo muallifga qaratilgan tanqid demakdir. Uning maqsadi materialdagi kamchiliklarni aniqlash va pirovardida asarning afzalliklarini koʻpaytirish, uni jurnalistikaning oʻziga xos xususiyatlarini va imkoniyatlarini hisobga olgan holda takomillashtirishdan iboratdir.
Amaliy tahrirda, yaʼni tahliliy tahrir natijalarining aniq timsolida, odatda tajriba asosida ishlab chiqilgan tahrir tizimi qoʻllanadi. Adabiy tahrirning taniqli mutaxassisi, professor K. I. Bilinskiy toʻrtta asosiy jihatni ajratib koʻrsatdi: -tahrirlash-tekshirish; -tahrirlash-qisqartirish; -tahrirlash-ishlov berish; -tahrirlash-qayta ishlash[5].
Kompozitsiya ustida ishlash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Televizion matn, yaʼni koʻrsatuv kompozitsiyasi ustida ishlashda muharrir uchta vazifani amalga oshiradi. Birinchidan, u mavzu doirasi toʻlaqonli yoritilgan matnga ega boʻlsa, ikkinchidan, u fakt va dalillar ketma-ketligi toʻgʻri qoʻyilgan, mantiqiy bogʻlanish hosil boʻlgan matnni shakllantirgan boʻladi. Uchinchidan esa, tomoshabinlarga maksimal darajada hissiy va badiiy taʼsirga erishishga imkon beruvchi koʻrsatuvni dunyoga kelishiga erishadi.
Dalillarga asoslangan materiallarni tekshirish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Raqamlar bilan ishlashda televideniyeda juda ehtiyotkorlik talab etiladi. Raqam va faktlarning haddan ortiq koʻpligi, koʻrsatuv yoki lavhani qabul qilinishini qiyinlashtiradi. Chunki bosma nashrlardan farqli oʻlaroq, televideniyeda tomoshabin tasvir va ovoz orqali axborotni qabul qiladi va bunda raqamlar va faktlar belgilangan meʼyordan ortib ketmasligi lozim[6].
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |
- ↑ O. V. Tixanova, Televizionniy redaktor: spesifika professii, MGU, Moskva: 2015
- ↑ Irina Kemarskaya, Televizionniy redaktor, Aspekt Press, 2009
- ↑ Yegorov V. V. Televidenie: teoriya i praktika, Uchebnoye posobiye. M.:1993
- ↑ B. D. Gaymakova, Osnovi redaktirovaniya teleperedach, Moskva.: 2001
- ↑ K. I. Bilinskiy, Literaturnoye redaktirovaniye, Nauka, Moskva.: 2011
- ↑ A. B. Bocharov, M. O. Demidov, Texnologiya faktchekinga v borbe s „Informatsionnim musorom“: problemi i perspektivi, Nauchnaya statya, Sank Peterburg.: 2020