Kontent qismiga oʻtish

Temir qapigʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Temir qapigʻ (qadimiy turkiycha qapu — eshik), Darvozai ohanin, Darbandi ohanin, Ohanin darvozasiOʻrta Sharq mamlakatlari, xususan Movarounnahrdagi bir qancha shaharlarning mudofaa devorlaridagi temir darvoza, shuningdek, tor togʻ daralaridagi oʻtish yoʻlagi. Oʻzbekistonning janubiy hududidagi Boysuntogʻ tizmasi gʻarbida joylashgan tor dara — qadimiy mashhur togʻ yoʻlagi ham Temir qapigʻ deyilgan. Uning nomi manbalarda turlicha yozilgan. Arabcha manbalarda Bob u l hadid, moʻgʻulchada Qahlagʻa, Xondamirning "Habib assiyar" asarida Tangi Chakchak, Muhammad Vafo Karminagiy "Tuhfai xoniy" asarida Buzgalaxona deb qayd etilgan va bu nom XIX asrning 2-yarmida ham saqlangan. (qarang Buzgalaxona). Qadimda Temir qapigʻ 2 tarixiymadaniy oʻlka — Baqtriya va Sugʻdiyonani bogʻlab turgan. Arxeologik tadqiqotlar (1985, 1989—1990) xulosalariga koʻra, Temir qapigʻ hududida, relyefga moslab, Shoʻrobsoy vodiysidan oʻtish mumkin boʻlgan joy bal. 2,7 m (qalinligi 6,5 qisman toshdan, bir qismi xom gʻishtdan, uz. 300 m chamasi mudofaa ahamiyatiga ega) devor bilan toʻsilgan. Uning baʼzi joylariga minoralar va bitta toʻrtburchak shaklidagi kichik qoʻrgʻon (Sherxoja qoʻrgʻoni, 80x50 m, hozir sakdanmagan) ham qurilgan edi. Qoʻrgʻon vaqt jihatdan taxminan mil. av. IV asrga mansub, dastlabki devor esa, Yunon-Baktriya podshogʻligi davrlariga toʻgʻri keladi. Temir qapigʻ harbiy mudofaa maqsadidagi joy boʻlishi bilan birga, xalqaro savdo yoʻlidagi muhim bojxona vazifasini oʻtagan. Buyuk ipak yoʻlining bir tarmogʻi shu yerdan oʻtgan. Bu haqsa Rui Gonsales de Klavixo "Safarnomasi"da muhim maʼlumotlar keltirilgan. U shunday yozadi: "... Temir darvoza Temurbekning ixtiyorida va unga har yili katta daromad keltiradi, chunki kichik Hindistondan Samarqand podshoxligiga va undan shimolidagi yerlarga yoʻl olgan savdogarlar shu yerlardan oʻtadi..."Jizzax viloyatidagi Ilonoʻtti togʻ yoʻlagi ham Temir qapigʻ deb atalgan[1].