Kontent qismiga oʻtish

Tipologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tipologiya (tip va ...logiya) — obyektlarni mavhum, umumlashgan model (tip)lar yordamida ilmiy tasnif qilish usuli. Bunda oʻrganilayotgan obyektlarning eng muhim struktur (tarkibiy) va funksional xususiyatlari qayd etiladi. T.ning asosiy xususiyati shundaki, u nafaqat oʻrganilgan, bilib olingan obyektlarni tasnif qilish, balki u yoki bu davrdagi fanga hali maʼlum boʻlmagan obyektlarning mavjud boʻla olishini avvaldan koʻrsatish (aniqlash)ga ham imkon beradi (mas., D.I.Mendeleyevning elementlar davriy sistemasi). Ilmiy tafakkurning universal usullaridan biri boʻlgan T. oʻrganilayotgan obyektlar oʻrtasidagi oʻxshashlik va tafovutni ochib berishga, ularni aynan oʻxshatish, tenglashtirish yoʻllarini topishga asoslanadi va koʻplab fan sohalarida qoʻllanadi, biroq xilma-xil xossali obyektlari koʻp boʻlgan biologiya kimyo, geogr. tilshunoslik, psixologiya kabi fanlarda samarali foydalaniladi.

Tilshunoslikda T. — umuman til tuzilishining muhim belgilarini alohida, ayrim olingan tillar qurilishini oʻrganish va ularni har tomonlama taqqoslash asosida aniqlovchi va umumlashtiruvchi tilshunoslik boʻlimi. Tipologik metodlar turli tuman tillarning fonologiyasi, morfologiyasi, sintaksisi va leksikasi asosidagi oʻxshashliklar va tafovutlarni aniqlashga, lingvistik universaliyalarni, shuningdek, tillarning tiplarini — til qurilishi tabiati haqidagi umumlashgan, mukammal holdagi tushunchalarni belgilashga qaratilgan. Tillarning tiplari grammatikada tushunchalarni anglatish usuliga, munosabatlarni ifodalash texnikasiga va birikish, boglanish darajasiga qarab aniqlanadi. Tipologik tadqiqotlar til tizimining alohida, ayrim kichik tizimlari asosida ham olib boriladi, shu tufayli fonologik, morfologik, sintaktik va semantik T.lar farqlanadi. Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh boʻlmagan har xil tizimdagi tillarning ayrim xususiyatlarini qiyosiy T. oʻrganadi. Aniqlanadigan tipologik belgilar maʼlum bir kichik tizimning oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiradi, lekin til qurilishida ular turli nisbatlarda birikadi, shuning uchun mazkur belgilardan biri asosiy, yetakchi hisoblanadi. Soʻzning tarkibiy tuzilishi asosida tillarning morfologik (tipologik) tasnifi yaratildi, biroq tadrijiy taraqqiyot natijasida tilning tipi oʻzgarishi mumkinligi sababli tillarning tiplari sof holda uchrashi isbotlanmagan. Tilshunoslik sohasidagi tipologik tadqiqotlar nemis olimi F.Shlegel asarlaridan boshlangan. Keyinchalik tillar T.si boʻyicha nemis olimlari A.V.Shlegel, V.Gumboldt, X.Shteyntal, A. Shleyxer, amerikalik E.Sepir, chex V.Skalichka, fransuz A.Martine, ruslardan F.F.Fortunatov, I.I.Meshchaninov, B.Uspenskiy, Yu.V.Rojdestvenskiy, V.N.Yarseva va boshqa tadqiqotlar olib borganlar. Oʻzbekistonda ham A.Abduazizov, J.Boʻronov, Q.Toymetov va boshqalar T. masalalari bilan shugʻullanganlar.

  • Uspenskiy B.A., Strukturnaya tipologiya yazikov, M., 1965; Teoreticheskiye osnovoʻ klassifikatsii yazikov mira, M., 1980. Abduvahob Madvaliyev.