Kontent qismiga oʻtish

Tavallo

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(To'lagan Tavallodan yoʻnaltirildi)

Tavallo (taxallusi; asl ism-sharifi Toʻlagan Xoʻjamyorov) (1883 – Toshkent, Rossiya imperiyasi — 1937-yil 10-noyabr, Toshkent, OʻzSSR, SSSR) — turkistonlik maʼrifatparvar shoir, publitsist. Jadidchilik harakati namoyandasi.

Bolaligi va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tavallo 1883-yil Toshkentning Koʻkcha dahasida, Obi Nazir mahallasida Xoʻjamyor Jiyanboyev oilasida tugʻilgan. Avval eski maktabda savod chiqargan, soʻng Beklarbegi madrasasida va rus-tuzem maktabida oʻqigan[1].

1900-yil 17 yoshida mol savdosi bilan shugʻullanuvchi otasining maslahati bilan Prjevalsk shahriga borib, Usmonbek Solihjonboyev degan kishining qoʻlida prikazchik boʻlib ishlagan. 1909-yil otasining vafotidan soʻng Toshkentga qaytib, shahar savdo shirkatlaridan birida ish yurituvchilik qilgan[1].

Tavallo Zuhra ismli ayolga uylangan, ular Rahbar, Sanobar ismli ikki qiz va Maqsud, Mahmud ismli ikki oʻgʻil farzand koʻrishadi[1].

Publisistik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbek va fors adabiyoti klassiklarining ijodini, shuningdek, arab va fors tillarini oʻrgangan. 1905-yildan „Turkiston viloyatining gazeti“, „Sadoi Fargʻona“, „Taraqqiy“ kabi gazeta va jurnallarida sheʼr va maqolalari bilan muntazam qatnashgan. 1910-yillardan vaqtli matbuotda „Tavallo“ taxallusi bilan sheʼr va maqolalari bosila boshlagan. 1914-yil 30-avgustda Munavvarqori, Abdulla Avloniy, M. Podshoxoʻjayev, Husanxoʻja Dadaxoʻja oʻgʻli (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim oʻgʻli Saidazimboyev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda „Nashriyot“ shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yoʻlga qoʻygan. 1915-yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan „Turon“ jamiyatida faoliyat koʻrsata boshlagan. 1918–1919-yillarda Toshkentning dastlab Eski shahar, soʻng Yangi shahar ijroiya qoʻmitalarining aʼzosi boʻlgan. Keyinchalik turli xoʻjalik ishlarida ishlagan.

Tavalloning ijodkor sifatida shakllanishida Toshkent adabiy muhitining roli katta boʻlgan. Unga sayramlik shoir Yusuf Saryomiy ustozlik qilgan. Taxallusni ham unga Yusuf Saryomiy bergan.

Tavallo sheʼrlarida millat va Vatan tushunchalari keng oʻrin egallagan („Yordam etmak kuni yetdi siza Turon ahli…“). „Ravnaq-ul Islom“ (1916) sheʼriy toʻplami uning hayotlik davrida chop etilgan. Toʻplamga 70 ta sheʼr kiritilgan. Asar turkchilik, islomchilik ruhida. Vazn va ohang anʼanaviy – aruzda. Ushbu toʻplam 1993-yili professor Begali Qosimov tomonidan soʻzboshi va izohlar bilan qayta nashr qilindi.

Tavallo 1937-yil 14-avgustda Tavallo aksilinqilobiy „Turon“, „Shoʻroyi islom“ „Ittihodi taraqqiy“, „Milliy ittihod“, „Milliy istiqlol“ tashkilotlarining aʼzosi, „Millionerning oʻgʻli“, „sheʼrlarida millatchilik gʻoyalarini ilgari surgan“likda ayblanib, qamoqqa olinadi. 1937-yil 10-noyabrda NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan otib tashlangan. 1968-yil 18-oktabrda oqlangan.

  1. 1,0 1,1 1,2 Қосимов, Бегали „Тўлаган Хўжамёров — Тавалло (1883-1937)“. Ziyouz.uz (2016-yil 3-may). Qaraldi: 8-noyabr 2022-yil.