Kontent qismiga oʻtish

Toʻqimalar klassifikatsiyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(To'qimalar klassifikatsiyasidan yoʻnaltirildi)

Toʻqimalar hozirgi zamon mikroskoplari va yangi tadqiqot usullari yordamida har tomonlama oʻrganilishiga qaramay, shu vatgacha ularni aniq mujassamlashtiradigan yagona klassifikatsiya tuzilgan emas. Binonarin toʻqimalar tuzilishi, vazifasiga va rivojlanish xususiyatlariga qarab bir oz shartli ravishda bir necha guruhga boʻlinadi. Har qaysi toʻqima hujayralari oʻziga xos morfologik tuzilishga ega boʻlib, organizmning turli qismida joylashgan va turlicha vazifalarni bajarishga moslashgan. Yana shunday toʻqimalar borki, oʻzi bir xil bòlishiga qaramay, organizmning hamma qismida uchraydi va har xil morfologik tuzilishga ega boʻladi va turlicha fiziologik vazifalarni bajaradi.

Epiteliy toʻqimasining vazifalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Epiteliy toʻqimasi organizmning juda koʻp qismida uchraydi va har qaysisi vazifasiga koʻra boshqasidan farq qiladi. Chunonchi, yassi epiteliy — u asosan, ichki organizmlarning tashqi muhit bilan bogʻlanmagan boʻshliq yuzalarini qoplab turadi va charvi, oʻpkaning plevra pardasi va yurak xaltachasi yuzini qoplovchi vazifasi bilan birga trofik va himoya vazifalarini ham oʻtaydi. Kubsimon va silindrsimon epiteliy hujayralari buyrak kanalchalari devorida va tashqi sekresiya bezlarining kichik va katta diametrdagi chiqaruv kanalchalari devorida hamda qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish sistemasining devorlarida uchrab, oʻziga xos maxsus fiziologik vazifalarni bajaradi. Xuddi shuningdek, koʻp qatorli kiprikli epiteliy va koʻp qavatli epiteliy ham oʻziga xos morfologik tuzilishga ega boʻlib, turli xil vazifalarni bajaradi. Organizmda uchraydigan boshqa xil toʻqimalar ham shunga oʻxshash keng tarqalgan. Ularning hujayra elementlariva oraliq moddalari ham oʻziga xos fiziologik xususiyatlarga ega. [1]

Toʻqimalarning morfofunksional klassifikatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

I.Leyding 1853 — yili Reptiliya va baliqlar anatomiyasi bilan gistologiyasi haqida malumotlar nomli asarida birinchi marta toʻqimalarning morfologik tuzilishi va fiziologik xususiyatlariga asoslangan klassifikatsiyani taqdim etdi. A.Killenger yozgan Gistologiyadan darslik asarida birinchi marta klassifikatsiyadan foydalangan. I.Leyding bilan A.Killenger bu klassifikatsiyani yanada mukammal oʻrganib, takomillashtirib, toʻqimalarni toʻrt guruhga boʻlganlar: 1) epiteliy; 2) biriktiruvchi toʻqima; 3) muskul; 4) nerv toʻqimasi. Bu klassifikatsiyada toʻqimalarning morfologik tuzilishi va fiziologik xususiyatlari nazarga olingani uchun unga Toʻqimalarning morfofunksional klassifikatsiyasi deb nom berildi. Hozirgi vaqtda ham Gistologlar shu klassifikatsiyadan foydalanib kelmoqdalar. [1]

Funksional prinsipga asoslangan klassifikatsiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Akademik A.A.Zavarzin evolutsion rivojlanish davridagi hayot faoliyatini nazarda tutib, funksional prinsipga asoslangan klassifikatdiya tuzgan. Bunda toʻqimalar bir — biridan quyidagicha farq qiladi: 1. Chegaralovchi toʻqima — epiteliy toʻqimasi nazarda tutiladi, yaʼni himoya vazifasini bajaruvchi toʻqima. 2. Ichki muhit toʻqimalari — moddalar almashinuvida ishtirok etadigan, tayanch va mexanik vazifalarni bajaradigan toʻqimalar. 3. Muskul toʻqimasi — organizmning ichki va tashqi organlari harakatini taminlovchi toʻqima. 4. Nerv toʻqimasi — tashqi va ichki tasirotga javob berish (reaksiya kòrsatish) xususiyatiga ega toʻqima.[2] A.Zavarzin umurtqasiz va umurtqali hayvonlar toʻqimasini qiyosiy oʻrganar ekan, ular bajaradigan vazifasiga koʻra, morfologik jihatdan bir — biriga oʻxshash boʻlishini, lekin har qaysi organizmda evolutsion rivojlanish davrida bu oʻxshashlik qisman farq qilib qolishi mumkinkinligini tushuntiradi.

Bertalanffi va Lou klassifikatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bertalanffi va Lou klassifikatsiyasida toʻqima hujayralarining koʻpayishi, yaʼni ularning proleferativ xususiyatlari asos qilib olingan. Uning nazariyasida organizmlarning hamma organ va sistemalari proleferativ xususiyatlariga koʻra uch guruhga boʻlinadi: 1. Mitotik boʻlinish xususiyatiga ega boʻlmagan hujayralar. 2. Kamroq koʻpayish xususiyatiga ega boʻlgan hujayralar 3. Doimo boʻlinib turish xususiyatiga ega boʻlgan hujayralar.

Lendblond klassifikatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lenblond klassifikatsiyasi uch guruhga boʻlinadi: 1. Mitotik, koʻpayish xususiyatiga ega boʻlmagan hujayralar, bunga nerv toʻqimasi, yaʼni neyronning koʻpaymasligi misol boʻladi. 2.oʻsish xususiyatiga ega boʻlgan hujayralar. Bunday hujayrali organlar ontogenez davrida oʻsib, hujayralari koʻpayib boradi, lekin organ yetarli darajada shakillanib olgandan soʻng koʻpayish jarayoni susayadi. Bunga jigar parenximasi va muskul toʻqimasining tolachalari misol qilib olinadi. 3. Doimo tiklanib turuvchi toʻqimalar. Bunda toʻxtovsiz sodir bòlib turadigan boʻlinish natijasida toʻqimalarning yuza qismidagi hujayralar mutassil nobud boʻlib, toʻkilib turadi va ularning oʻrnini koʻpayish natijasida hosil boʻlgan yosh hujayralar toʻldirib boradi. Bunga epidermis, ichak epiteliysi va qon shakli edememtlari, ularni ishlab chiqaradigan hujayralarni misol qilib kòrsatish mumkin. [3]

Sarkisov klassifikatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sarkisov 1970 — yilda toʻqimalarning qayta tiklanishi, yaʼni regeneratsiyasiga asoslangan klassifikatsiyani yaratgan. Bunda toʻqimalar regeneratsiya jarayoni har xil toʻqimalarda turlicha tezlikda borishi nazarda tutilgan.

Xlopin klassifikatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

N.G.Xlopin oʻzining genetik klassifikatsiyasini tuzganda toʻqimalarning filogenez va ontogenez davrlardagi rivojlanishini asos qilib oladi. Bunda har bir toʻqima rivojlanish davrida muayyan bir vazifani bajarish uchun shakillanib, oʻzgarib boradi va butun organizm bilan bir butun holda muayyan fiziologik vazifani oʻtaydi. Binobarin, genetik evolutsiya jarayonida belgilar shunday ajrala boshlaydiki, ajdodlardan qolib kelgan organizmlar guruhlari oʻrtasida morfologik va funksional farq paydo boʻladi, deb taʼkidlaydi.

  1. 1,0 1,1 Qodirov. {{{title}}}, 2012, Toshkent: Fan va texnologiya — 50-53-bet. ISBN 978-9943-10-617-8. 
  2. Klassifikatsiya tkaney
  3. Klassifikatsiya tkaneney