Kontent qismiga oʻtish

Toʻgarak chuvalchanglar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Toʻgarak chuvalchanglar (Nematoda) – birlamchi tana boʻshlikli chuvalchanglar sinfi. Tanasi ipsimon, duksimon, baʼzan limonsimon, bochkasimon; koʻndalang kesimi toʻgarak shaklda (nomi shundan). Erkin yashovchi toʻgarak chuvalchanglar mayda (0,05 mm dan 5, baʼzan 50 mm gacha), parazit turlari, odatda, mayda, lekin bir qancha turlari 20 – 40 sm ga, baʼzan 8,4 m ga yetadi (kashalotlar bachadonidan topilgan gigant platsentonema).

Toʻgarak chuvalchanglar ayrim jinsli; tuxum qoʻyadi yoki ayrim turlari tirik tugʻib koʻpayadi. Erkin yashovchi Toʻgarak chuvalchanglar bakteriyalar, suvoʻtlar, detrit bilan, ayrim turlari yirtqichlik qilib oziqlanadi. Toʻgarak chuvalchanglar orasida koʻp turlari hayvonlar, oʻsimlik zamburugʻlari va odamda parazitlik qiladi. 20000 dan ortiq turi bor. Yer yuzida juda keng tarqalgan; tuproq, dengiz va chuchuk suvlarda xay von va oʻsimlik toʻqimalarida uchraydi. Odam va hayvonlarga askaridolar, rishta, trixina va boshqa, qishloq xoʻjaligi. ekinlariga boʻrtma nematodalar, kartoshka, sholi, bugʻdoy nematodalari va boshqa ziyon keltiradi. Oʻzbekistonda sabzavot va poliz ekinlari boʻrtma nematodalar bilan kuchli zararlanadi[1].

  1. „Toʻgarak chuvalchanglar“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil