Toʻpqopi bogʻi
Toʻpqopi bogʻi — Toʻpqopi bogʻi Istanbulning Toʻpqopi shahrida qurilgan yangi avlod meʼmoriy bogʻi. Uning qurilishi 1999-yilda boshlanib, turli bosqichlarni bosib oʻtib, hozirgi koʻrinishini oldi va 2009-yilda foydalanishga topshirildi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Istanbulning zabt etilishi paytida devorlarda ochilgan yoriqdan Sulton Mehmetning shaharga ilk bor kirgan joyi sifatida tanilgan ushbu tarixiy hudud uzoq vaqt yashil makon nomini saqlab qoldi[1].
Madaniy meros kengashi qurilishga ruxsat bermagani uchun uzoq yillar tashlandiq va qarovsiz yer sifatida turgan bu hudud dastlab uysizlarning tez-tez tashrif buyuradigan joylaridan biri edi. Bu yerdagi asosiy tarixiy binolar vayron boʻlgan, hudud yonidagi qabriston va ichidagi tarixiy masjid nomaʼlum shaxslar tomonidan vayron qilingan. Mahalliy aholi oʻtishdan qoʻrqadigan va uysizlarning isinish uchun oʻt yoqishi sababli tez-tez yonib ketish xavfi ostida boʻlgan joy, Istanbul shahar hokimiyatining koʻplab saʼy-harakatlari natijasida qaytadan bunyod qilindi va ommaga taqdim etildi.
1999-yilda qurilishi boshlangan Toʻpqopi istirohat bogʻi qurilish davomida turli bosqichlarni bosib oʻtgan. Bogʻdagi koʻplab tarixiy binolarning restavratsiya qilinishi bilan u hozirgi koʻrinishga ega boʻlgan. Bogʻda yashil maydonlar, sayr qilish uchun yoʻllar, bolalar uchun oʻyin maydonchalari, suzish havzalari, masjidlar va avtoturargohlar qurib bitkazilib, foydalanishiga topshirildi. Bogʻda, shuningdek, „Istanbulning zabt etilishi uch oʻlchovda tasvirlangan“ panoramali muzey va Takkeji (Takyeji) Ibrohim ogʻa masjidi ham mavjud.
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toʻpqopi istirohat bogʻi Eski Trakya va Anadolu avtobus terminallari joylashgan hududda qurilgan. Bogʻ janubdan Istanbul quruqlik devorlari, shimoldan D-100 avtomobil yoʻli, gʻarbdan Merkez Afandi qabristoni va sharqdan Toʻpqopi qabristonlari bilan oʻralgan. Uning umumiy maydoni 354 ming kvadrat metrni tashkil etadi[2].
Arxitekturaviy xususiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Avval Anadolu va Frakiya avtovokzallari joylashgan hududda 180 ming kvadrat metr oʻrmonzor va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi, bu yashil hududlar orasida hovuz va sharshara tashkil etildi. Taxminan 64 ming kvadrat metr maydonda umumiy sigʻimi 500 ta mikroavtobus va 1500 ta avtomashinaga moʻljallangan ikkita 4 qavatli yer osti avtoturargohi, 3 ming 300 kvadrat metr va 9 ming kvadrat metr maydonga ega 2 ta sport inshooti bunyod etildi. Ikkita 400 kvadrat metrlik koʻp maqsadli bolalar bogʻi, eski Trakya avtobus terminali hududida 2 ming kvadrat metr maydonga tarqalgan „Fath“ panoramali muzeyi, toʻrt tomonida eski Usmonli meʼmorchiligi bilan yaratilgan 14 ta bir qavatli hunarmandchilik bozori, undan tashqari, Takkeji Ibrohim ogʻa masjidi, koʻp qavatli avtoturargohlarning chiqish joylarida savdo punktlari, kutish joylari va oshxonalar qurildi.
Millat koʻchasidan shahar devorlariga kiraverishda piyodalar uchun moʻljallangan yer osti yoʻlagi qurildi va bu oʻtish yoʻlaklarda savdo shaxobchalari joylashgan. Millat koʻchasi – Jevizlibağ yoʻlidagi yer osti yoʻli kengaytirildi va Millat koʻchasining Mavlono Kapi-Edirnekapi nuqtasi bilan kesishgan hududda 1400 kub metr suv sigʻimiga ega hovuz qurildi. Loyiha doirasida sayrgohlar, yugurish va piyoda yoʻlaklari, kundalik inshootlar, sayr qilish va koʻrgazma maydonchalari, ochiq teatr, dam olish joylari hamda yer osti hojatxonalari qurilib, bogʻ boʻylab kuchli yoritish tizimi oʻrnatildi[3].
Umumiy xususiyatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toʻpqopi bogʻii, Angliyadagi „Hyde Park“ uslubidagi bogʻ boʻlib, tuzilishi tufayli koʻplab yangiliklarni oʻz ichiga oladi. Bogʻ oʻzining tarixiy va madaniy binolari, zamonaviy va ijtimoiy maydonlari bilan eʼtiborni tortadi. Shaharning tirbandligi va shovqinidan dam olish uchun mukammal joy boʻlgan ushbu bogʻ, kattaligi jihatidan Yevropa davlatlaridagi tez qurilgan yangi avlod arxitektura parklariga oʻxshaydi.
Yarimi yashil maydonlar bilan qoplangan bogʻda velosiped yoʻli, hunarmandchilik bozori va Istanbulning zabt etilishini aks ettiruvchi panoramik muzey tashrif buyuruvchilarning katta eʼtiborini tortadi. Katta tabiiy suv havzalarga ega boʻlgan bogʻda 1500 kishiga moʻljallangan ochiq osmon ostidagi teatr ham mavjud[4].
Bogʻda nimalar bor
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Panoramali muzey;
- 1500 kishiga moʻljallangan ochiq osmon ostidagi teatr;
- Biri 1500 ta, ikkinchisi esa 1300 ta mashinaga moʻljallangan ikkita yer osti avtoturargohi hamda 25 ta avtobus va 150 ta avtomashinaga moʻljallangan ikkita ochiq avtoturargoh;
- Parkning turli qismlarida foydalanish uchun 3 ta oshxona va 8 ta hojatxona;
- 1 kmlik velosiped yoʻli, 3 ta katta suv havzasi;
- 3 ta masjid, 2 ta bolalar maydonchasi (600 kvadrat metr);
- Jami 60 ta yangi doʻkon, ulardan 45 tasi yer ostida va 15 tasi yer ustida, 23 ta Usmonli uylari, parkni sugʻorish uchun 1400 tonnalik suv idishi, taxminan 15 m balandlikdagi kuzatuv maydonchasi va vertolyot maydonchasi;
- 183 ming kvadrat metr yashil maydon, 3 ming 250 daraxt va yuz minglab manzarali oʻsimliklar.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Wikimapiaʼdagi Topkapi Parki 26 Ağustos 2011 tarihinde </link>
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Topkapı parkı
- ↑ „Topkapı parkı konum“. 7 nisan 2011da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 kasım 2011.
- ↑ „Topkapı parkı“. 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 kasım 2011.
- ↑ Topkapı parkı hayata geçiriliyor