Tolish xonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tolish xonligi — Ozarbayjondagi tolishlar davlati. Nodirshoh davlati parchalanishi natijasida 18-asr oʻrtasida Kaspiy dengizining jan.gʻarbiy sohilida barpo etilgan. Asoschisi — Sayd Abbos, mahalliy mulkdorlardan boʻlgan. Uning vafotidan soʻng oʻgʻli Gara taxtga oʻtirgan (1747—86). Iqtisodiyoti asosini dehqonchilik va chorvachilik tashkil etgan; xonlik poytaxti Lenkoran savdo va xunarmandchilik markaziga aylangan. Eron tomonidan qilinayotgan doimiy tajovuzlar tufayli Tolish xonligi tashki siyosatda Rossiya bilan yaqinlashishga harakat qilgan. 1795-yil xon Mir Mustafo Rossiyadan homiylik qilishini soʻrab murojaat qilgan. 1802-yil Tolish xonligini Rossiya oʻz vasiyligiga olgan. 1828-yilgi Turkmanchoy bitimiga koʻra, esa Rossiya Tolish xonligini butunlay oʻz hududiga qoʻshib olgan.