Kontent qismiga oʻtish

Toshkent aviatsiya instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toshkent aviatsiya instituti – aviatsiya va kosmik sohalar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti. 1995-yilda ToshTUning samolyotsozlik fakulteti, Kiyev xalqaro fuqaro aviatsiya institutining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent aviatsiya texnikumi hamda „Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasining oʻquv-mashgʻulot markazi negizida tashkil qilindi. Institutda 5 ft: umumtexnika, aviakoinot, fuqaro aviatsiyasi, sirtqi va malaka oshirish fakultetlari bor. Unda 23 ta kafedra, kompyuter texnologiyalarini oʻquv jarayoniga tatbiq qilish va masofaviy taʼlim tizimini shakllantirish muammolari bilan shugʻullanadigan „Axborot taʼlim markazi“ va Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya sohasining muammolari ustida ilmiy tadqiqotlarlar olib boradigan 4 ta markaz: „Aviatsiya ilmiy-texnika markazi“, „Marketing tadqiqotlari markazi“, „Oʻquv-ilmiy ishlab chiqarish markazi“ va „Til markazi“ mavjud. Ularning faoliyati Oʻzbekiston va jahon bozorini chuqur marketing tahlili asosida oʻrganish, texnologik jarayonlarni yangi zamonaviy tadqiqotlar asosida avtomatlashtirish, korxonalar mutaxassislarining malakalarini oshirish kurslarini tashkil qilish, konsalting xizmatlarini tashkil qilish, institutda oʻquv va ilmiy tadqiqotlar faoliyatini takomillashtirish borasida yangi oʻquv, uslubiy va ilmiy ishlarni rivojlantirishdan iborat.

Institut qoshida avialitsey faoliyat koʻrsatmoqda. Institut 3 ta binosining har bir fakultetida kutubxonalar mavjud (300 mingdan ortiq asar). Institut 9 yoʻnalish boʻyicha bakalavrlar, 9 mutaxassislik boʻyicha magistrlar tayyorlaydi; 2003—2004-oʻquv yili institutda, 1,8 ming talaba oʻqidi, 175 oʻqituvchi, shu jumladan, 21 fan doktori va professor ishladi. Institut xorijiy mamlakatlar – AQSH, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Ukraina, Rossiya, Yaponiya bilan ilm-fan, taʼlim va boshqa sohalarda hamkorlik qiladi. Institutda yengil rusumli uchish apparatlarini loyihalash va ishlab chiqarishga joriy qilishga doir ishlari olib boriladi. Institut pedagog-olimlari „Oʻzbekiston aviatsiya industriyasini 2010-yilgacha rivojlantirish strategiyasi“ milliy dasturini ishlab chiqishdi. Institutda 200 ta talabaga moʻljallangan talabalar uyi faoliyat koʻrsatadi. Institut faoliyati O. U. Salimoye, X. G. Sarimsoqov, G. I. Yakubin, K. B. Usmonov, Sh. F. Gʻanixonov, M. A. Ikromov va boshqa olimlar nomi bilan bogʻliq. Institutda 2004-yilgacha 3000 dan ortiq mutaxassis tayyorlandi.