Kontent qismiga oʻtish

Toshkent sirki

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Toshkent sirki (2023)

Toshkent sirki - oʻzbek va boshqa davlatlar sirk artistlarining chiqishlarini namoyish etuvchi yirik statsionar sirklardan biri. Olim va sayyohlarning esdaliklarida Toshkentda sirk tomoshalari muallaqchi, nayrangboz, yovvoyi va uy hayvonlarini oʻrgatuvchi kishilar mahorati bilan boshlangani haqidagi tafsilotlar, rivoyatlar saqlangan. Xalq sayillarida, bozor va guzarlarda dorboz va simbozlar, jonglyorlar, polvon va besuyaklar oʻz sanʼatlarini namoyish etganlar. Ayniqsa, dorbozlik keng rivoj topgan. 19-asr oxirida Toshkentda gastrolda boʻlgan F. Yupatov, V. Sobolevskiy, A. Farrux, R. Kapito, Ye. Gamkrelidze va boshqalarning antreprenyor truppalari muvaqqat binolarda tomosha koʻrsatgan. Toshkent yarmarkalarida bir vaqtda 3—4 ta sirk tomoshasi, jumladan, oʻrgatilgan hayvonlar bilan ham tomosha koʻrsatilgan. Eski shaharda 10 ming tomoshabinga moʻljallangan ochiq sirk ishlab turgan. 1913-yildan sirk truppalarining tomoshalari "Kolizey" binosida koʻrsatila boshladi. 1914-yil oxirida Voskresenye bozori hududi (hozirgi Navoiy maydoni) yaqinida F. Yupatovning yogochdan ishlangan statsionar sirk binosi qurildi. Bu yerda yevropalik va rus artistlari bilan birga oʻzbek artistlari, jumladan, Yusufjon qiziq Shakarjonov, akrobatchi, raqqosa, chavandoz Ye. Yupatova (Goʻzal Yelena) va boshqa xam tomosha koʻrsatganlar. Toshkent sirkining birinchi badiiy rahbari va direktori — A.V. Lapiado (asl familiyasi Korolyov). 1928-yil Karim Zarifov "Kizil Sharq" (keyinroq "Kooperativ") sirk truppasini tashkil etdi. 1930-yil Oʻrta Osiyo respublikalari va Qozogʻiston sirklari birlashtirilgan davlat sirklari markaziy boshqarmasi tuzildi. 1941—44 yillar Toshkent sirki qoshida Abdulla Gismatulin rahbarligidagi akrobatika studiyasi ishladi. 1942-yil oktabrda oʻzbek sirki jamoasi tuzildi. Bu yerda Yusufjon qi^iq, dorbozlar — Toshkanboyevlar, chavandozlar — Zarifovlar, Rahmonovlar, Xoʻjayevlar, gimnastlar — Madaliyevlar, keyinroq qiziqchi va akrobat Yusupovlar, rus masxarabozlaridan G. Zastavnikov, P. Borovikov va boshqa ishladilar. 1950—56 yillarda Toshkent sirki badiiy rahbari — Erkin Toshkanboyev, 1976—90 yillar Obidjon Toshkanboyev. Toshkent zilzilasi (1966)dan keyin vaqtinchalik shapito sirki ishlab turdi.

1975-yil Xadra maydonida 2597 oʻrinli yangi Toshkent sirki binosi qurib bitkazildi (arx. G. Aleksandrovich, G. Masyagin; muhandislar S. Berkovich, R. Muftaxov). Sirk binosi ikki qismdan iborat: tomosha zali hamda uning atrofida joylashgan vestibyul, foye, garderob, bufetlar va xizmat xonalari. Bino yechimida anʼanaviy ustun — toʻsinli ustun oʻrniga hoshiya — halqali qurilma uslubining qoʻllanishi foyeni ustunlardan xoli kilishga va tomoshabinlar uchun qulay sharoit yaratilishiga imkon berdi. Shu bilan birga foye ikki xil balandlikda qurilgan; yuqoridagisi 7 metrli halqa konsol yordamida toʻla aylana hosil qilib, katta bufet bilan birlashtirilgan. U serhasham zinapoyalar orqali pastki sathi bilan tutashtirilgan. Foye interyerlari sirk sanʼati mavzuiga oid yorqin nur taratuvchi rangli vitraj bezaklar yordamida vazmin oqish tus koʻrinishiga ega. Foye, zalga kiriladigan yoʻlakchalar milliy anʼanaviy ganch oʻymakorligi, eshiklar yogʻoch oʻymakorligi uslubida ishlangan[1].

1991-yilda Toshkent sirkiga oʻzbek sirkining mashhur namoyandasi, dorbozlar sulolasining asoschisi, Oʻzbekiston va Rossiya xalq artisti Toshkanboy Egamberdiyev nomi berildi. Mustaqillik sharofati bilan Toshkent sirki faoliyatida yangi davr boshlandi. Yangi dastur va attraksionlar sirkning barcha zamonaviy janrlarida yaratildi va ular repertuarga oʻziga xos yangilik olib kirdi. Xususan, 1991—2004-yillar mobaynida 100 dan ortiq sirk tomoshalari, 10 ta sirk attraksion va 20 dan ortiq mavzuli tomoshalar sahnalashtirildi. Ularni tayyorlashda Obidjon Toshkanboyev, Karima Zaripova, Erkin Toshkanboyev, "Oʻzbekdavlatsirk" Respublika birlashmasining bosh direktori Bahrom Majidov, sahnalashtiruvchi rej.lar Eduard Arzumanov, Niso Aliyeva, Raʼno Roʻzixoʻjayeva va boshqa faol ishtirok etishgan. Toshkent sirki artistlari jahon boʻylab oʻz sanʼatlarini namoyish etib keladi. Xalqaro koʻrik va festivallarda turli mukofotlarga sazovor boʻlganlar. 1999-yil Toshkent sirki binosi qayta taʼmirlanib, zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlandi[2].

Toshkent sirki
Toshkent sirki vitraj bezaklari
  1. Poʻlat Toshkanboyev. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent. 2000
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent. 2000