Travmatologiya va ortopediya instituti
Travmatologiya va ortopediya instituti — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli ilmiy tadqiqotlar muassasasi. 1932-yilda Toshkent shahrida Ortopediya, travmatologiya va suyak sili ilmiy tadqiqotlar instituti ochilib urush davrida yopilgan edi. 1946-yilda hozirgi nomda qaytadan tashkil etilgan.
Institutning 200 oʻrinli kasalxonasida 8 klinik (kattalar va bolalar oʻtkir jarohatlari, kompressiondistraksion osteosintez, kattalar, oʻsmirlar va bolalar ortopediyasi, vertebrologiya, anesteziologiya va reanimatsiya) va 3 ilmiy boʻlim, 9 laboratoriya, klinik ordinatura, ilmiy kutubxona, travmatologik tez yordam punkti va boshqa bor (2004). Institut xodimlari kattalar va bolalarda suyak chiqishlarini joyiga solish, singan suyak boʻlaklarini ulash (osteosintez qilish), jarohatlangan paylar va muskullarni tiklash, shuningdek, yirik boʻgʻimlarning degenerativdistrofik kasalliklari, suyak kaltaligi va qiyshiqligi, umurtqa jarohatlari va kasalliklari, bolalarda uchraydigan tugma kasalliklarni davolash ustida ish olib boradi. Institut faoliyati M. S. Astrov, I. I. Orlov, O. Sh. Shokirov, N. M. Shomatov va boshqa olimlar nomi bilan bogʻliq.
Mustaqillik yillarida institutda yirik boʻgʻimlarni endoprotezlash, tizza boʻgʻimi artroskopiyasi, umurtqaning rekonstruksiyasi va transpedikulyar fiksatsiyasi, sterjenli osteosintez kabi eng zamonaviy davolash usullari, kompyuterli va magnitrezonansli tomografiya, ultratovush tekshiruvi singari noyob diagnostika usullari keng tatbiq qilindi. Shuningdek, ogʻir jarohatlarda bemor gomeostazidagi oʻzgarishlar, osteoporoz va qariyalarda suyak moʻrtligi muammosi boʻyicha fundamental tadqiqrtlar oʻtkazildi, yirik boʻgʻimlar artrozi va revmatoid artritni ortopedik davolash, umurtqa nostabilligini toʻgʻrilash, bolalarda son suyagining tugʻma va patologik chiqishlarida rekonstruktiv operatsiyalar, suyaklar deformatsiyasini toʻgʻrilash, kalta suyaklarni choʻzish, son suyagi proksimal qismining, uzun suyaklar diafizining, bolalar tirsak boʻgʻimining jarohatlarida stabilfunksional osteosintez qilish kabi dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqotlarlar oʻtkaziladi.
Institutning konsultativ poliklinikasida suyakboʻgʻimlar jarohatlari va kasalliklari boʻyicha tibbiy maslahat yordami koʻrsatiladi. Rentgenologiya, klinikbiokimyo, elektrofiziologiya va biomexanika laboratoriyalari zamonaviy asbobuskunalar bilan jihozlangan. Institutning metodiktashkiliy boʻlimi Oʻzbekistonda travmatologiya va ortopediya xizmatining holatini doimiy monitoring qiladi va takomillashtirish yoʻllarini ishlab chiqadi.
Institutda 70 dan ortiq malakali travmatologortoped olimlar, shu jumladan, 10 fan doktori va professor, 30 fan nomzodi xizmat qiladi (2004). Institut ilmiy toʻplam, monografiya, qoʻllanma va ommabop risolalar nashr etadi, ilmiy anjumanlar va amaliy seminarlar uyushtiradi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |