Kontent qismiga oʻtish

Trixinellyoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Trixinellyoz — odam va hayvonlarda uchraydigan gijja kasalligi; yumalok, chuvalchanglar sinfiga mansub trixinellalar qoʻzgʻatadi. Yetuk trixinellalar 1,5–4 mm kattalikda boʻlib, odam yoki hayvonning ichak shilliq qavatida parazitlik qiladi, urgochisi ingichka ichakda tirik lichinkalar tugʻadi va ular ichak shilliq qavatidan qon tomirlariga oʻtadi, qon aylanish sistemasi orqali koʻndalangtargʻil muskullarga joylashadi; shu joyda spiralga oʻxshab oʻralib oladi, oʻsib, ohakli kapsula hosil qiladi. Sogʻlom kishilar kasallangan hayvon goʻshtini chala pishirib isteʼmol qilganda zararlanadi. Odamga T., asosan, choʻchqa yoki ov hayvonlari (ayiq, morj, boʻrsiq) goʻshti orqali yuqishi mumkin.

Inkubatsion davri 2—3 hafta. Kasallik yuqqanda dastlab bemorning temperaturasi koʻtariladi, koʻzi qizaradi, yorugʻlikdan qoʻrqadi, muskullari, baʼzan korni ogʻriydi, ichi ketadi va hokazo. Qovoklar, yuz salqiydi, baʼzan koʻz butunlay yumilib qolishi mumkin. Shuning uchun T. xalq orasida "yuz salqishi" deb yuritiladi.

Bemor kasalxonada davolanadi. T. ning oldini olish uchun choʻchqalarni sanitariyagigiyena qoidalari asosida boqish, ularning oʻlimtik kemiruvchilar yeyishiga zinhor yoʻl qoʻymaslik zarur.