Kontent qismiga oʻtish

Trixomonoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Trixomonoz — siydiktanosil aʼzolarining yalligʻlanish kasalligi; qin trixomonadalari qoʻzgʻatadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi sogʻlom kishilarga jinsiy yoʻl bilan oʻtadi. Qin trixomonadalari tashqi muhitning turli omillariga nisbatan beqaror boʻlib, ular (mas., kuyosh nuri) taʼsirida tezda nobud boʻladi. Qiz bolaga T. bemor onasi yoki boshqa ayol bilan bir oʻrinda yotganida yuqishi mumkin. T. erkaklarda ham, ayollarda ham kuzatiladi; odatda, kasallik erkaklarda bilinarbilinmas kechadi. Qin trixomonadalari erkakning siydik chiqarish kanaliga kirib, uni yalligʻlantiradi (trixomonad uretrit); ozgina shilliq chiqindi kelishi mumkin, lekin kasallik hech qanday alomatlarsiz oʻtadi. Faqat bemorni sinchiklab tekshirganda trixomonadalar topiladi. Kasallikning aniq alomatlari boʻlmasligidan qatʼi nazar, trixomonadalar topilgan kishilar, albatta, davolanishi shart. Oʻz vaqtida davo qilinmasa, moyak ortiklari yalligʻlanishi (qarang Epididimit), kasallik surunkali shaklga oʻtishi va bepushtliksh sabab boʻlishi mumkin. T. bilan ogʻrigan ayollarda koʻpincha qin zararlanadi. Qindan qoʻlansa hidli chiqindi ajraladi va tashqi jinsiy aʼzolar qichishib, lovullab turadi. Turli noxush omillar oqibatida organizm chidamining pasayishi (mas., organizmning sovqotishi, shamollash kasalliklari, ayniqsa, tugʻruqdan va abortdan keyingi kasalliklar), shuningdek, hayz koʻrish davri yalligʻlanishning bachadon va boshqa aʼzolarga tarqalib ketishiga sabab boʻladi (qarang Andeksit). Er yoki xotinda kasallik topilgan vaqtda ularning har ikkalasi ham davolanishi shart. T. bilan ogʻrigan bemorlar batamom sogʻayguncha davolanishlari zarur, aks holda kasallik yillab choʻzilishi, vaqtvaqti bilan qoʻzib turishi mumkin.

T.ni davolash davrida shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish; jinsiy aloqadan oʻzni tiyish kerak. Davo tugagach, 2—3 oygacha vrach nazoratida boʻlish lozim. T.ning oldini olishda shaxsiy va jinsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega.