Kontent qismiga oʻtish

Tuhfayi shohiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tuhfayi shohiy — nomli tarixiy asar, muallifi XIX asr tarixchisi Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniydir.

Mirzo Somiyning ilmiy adabiy merosida uning „Tuhfayi shohiy“ (Shohga atalgan tuhfa) tarixiy asari alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, „Tuhfayi shohiy“ o‘zining mufassalligi va faktik materiallarga boyligi bilan ajralib turadi. „Tuhfayi shohiy“ asari hijriy 1316 (1898—1899) — 1320-yillar (1902—1903)da yozilgan. Asar fors-tojik tilida yozilgan bo‘lib, ashtarxoniy Subhonqulixon (1680—1702) hukmronligining so‘nggi yillaridan to XIX asr oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Asarda, Buxoro amirligi bekliklaridagi ahvol va ularning markaziy hokimiyat bilan munosabatlari, Rossiya qo‘shinlarining Turkiston o‘lkasi, xususan, Buxoro amirligini istilo etishi va mahalliy aholining istilochilarga qarshi kurashlari nihoyatda keng yoritilganki, boshqa biror mahalliy manbada bu qadar batafsil maʼlumot uchramaydi[1]. Abdulazim Somiy Amir Muzaffarning Shahrisabz, Kitob va Hisori Shodmon bekliklariga qilgan yurishlarida „yozuvchi“ (navisanda) Rus-Buxoro urushida „voqealarni kuzatuvchi“ (vaqoyenigor) sifatida bevosita ishtirok etib, bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida bayon qilgan. 1866—1868-yillar davomida Buxoro amirligining Sirdaryodan to Samarqandgacha bo‘lgan hududlari ruslar tomonidan bosib olingach, otasi amir Muzaffarning istilochilar bilan murosa yo‘lini tutayotganidan norozi bo‘lgan valiahd Abdumalik to‘ra Shahrisabz bilan Kitob bekliklarining madadiga tayanib, ham otasiga, ham istilochilarga qarshi kurashga bel bog‘laydi. Asarda ushbu kurash tafsilotlari keng yoritilgan. Yana shuni qayd etish lozimki, „Tuhfayi shohiy“ maʼlum maʼnoda rasmiy tarix bo‘lganligi bois muallif Abdumalik to‘ra faoliyatini salbiy baholaydi. „Tuhfayi shohiy“ning Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar jamg‘armasida 2091 raqam ostida saqlanayotgan nusxasi ham mavjud[2].


  1. Ziyayeva D. Oʻzbekiston tarixiga oid manba va tadqiqotlar (XIX—XX asr boshlari) monografiya. Toshkent: Nurafshon business, 2020 — 456-bet. 
  2. Masʼul muharrir Habibullayev N.N. Oʻzbekiston tarixi (xrestomatiya) 3-jild. Toshkent: Fan va texnologiya, 2014 — 380-bet.