Uchinchi to'lqin (tajriba)
Uchinchi toʻlqin 1967-yilda Kaliforniya oʻrta maktabining tarix oʻqituvchisi Ron Jones tomonidan uchinchi Reyx va Ikkinchi Jahon urushi davrida nemis aholisi natsistlar rejimining harakatlarini qanday qabul qilganligini koʻrsatish uchun yaratilgan eksperimental ijtimoiy harakat edi.
Jones yuqori sinflar uchun oʻtiladigan zamonaviy jahon tarixi darsida oʻz talabalariga fashistlar Germaniyasi haqida dars bergan boʻlsa-da, ularga nemis xalqi natsistlarning xatti-harakatlarini qanday qabul qilganligini tushuntirish qiyin edi. U fashizmning taʼsir kuchini namoyish qilish uchun xayoliy ijtimoiy harakat yaratishga qaror qildi. Besh kun davomida (talaba Sherry Toulseyning so‘zlariga ko‘ra esa, 9 kun davomida) SDS aʼzosi Cubberley United Student Movement homiysi[1] va Black Panthers tarafdori[2] boʻlgan Jones sinfda natsistik harakatning belgilariga asoslanuvchi xarakterdagi tartib va birlikka urgʻu bergan holda bir qator mashqlarni o‘tkazdi.
Harakat uning sinfidan tashqarida ham tarqalib, yuzlab odamlarga yetib bora boshlaganida tajriba nazoratdan chiqib ketdi. Jones talabalarni mitingda qatnashishga ishontirdi, u yerda sinf loyihasi umummilliy harakatning bir qismi ekanligini va „Uchinchi toʻlqin“ prezidentligiga nomzodning eʼlon qilinishi televidenie orqali koʻrsatilishini daʼvo qildi. Ammo, namoyishga kelganlaridan soʻng talabalarga boʻsh kanal taqdim etildi. Jones oʻz shogirdlariga harakatning asl mohiyatini aytib berdi va ularga fashistlar Germaniyasining xatti-harakatlari haqida qisqacha film koʻrsatdi[3].
Loyiha asosida 1981-yilda Amerikaning "Toʻlqin" va 2008-yilda Germaniyaning „Die Welle“ filmlari suratga olindi.
Uchinchi toʻlqin tajribasi tafsilotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tajriba 1967-yil aprel oyining birinchi haftasida Kaliforniyaning Palo-Alto shahridagiCubberley High School oʻrta maktabida oʻtkazilgan. Jones oʻz oʻquvchilariga qanday qilib nemis xalqi oʻsha davrlarda Xolokost daxshatini payqay olmaganligini tushuntirib berolmadi. Va buni ularga real tajriba asosida koʻrsatishga qaror qildi[3]. Jones „Uchinchi toʻlqin“ deb nomlangan harakatni boshladi va oʻz oʻquvchilariga bu harakat demokratiyani yoʻq qilishni maqsad qilganligini aytdi. Jones demokratiyaning individuallikka urgʻu berishi bu tuzumning kamchiligi ekanligini taʼkidlab, harakatga shunday shiorni tanlab oladi: „Kuch intizomda, kuch birlikda, kuch harakatda, kuch magʻrurlikda“.
Garchi tajriba oʻsha paytda yaxshi hujjatlashtirilmagan boʻlsa-da, Cubberley High School gazetasi The Cubberley Catamount ning ikkita sonida qisqacha eslatib oʻtilgan. Maqolaning yana bir sonida tajriba yakunlari haqida koʻproq maʼlumot berilgan. Taxminan toʻqqiz yil oʻtgach, Jones tajriba haqida batafsil esdaliklarini yozdi[3]. Boshqa mualliflarning keyingi maqolalarida esa, Jones va tajribada ishtirok etgan talabalar bilan intervyu ham berilgan.
Xronologiya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Birinchi kun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tajriba toʻgʻri oʻtirishni nazorat qilish kabi oddiy qoidalar bilan boshlandi. Jones sinfning doskasiga "Kuch intizomda " deb yozdi va intizomning ahamiyati haqida gapirib, sinfda qatʼiy tartibni ushlab turdi. Jarayonlar oddiy edi. Talabalar ikkinchi qoʻngʻiroqqacha chalgʻimay oʻtirishlari, savollar berish yoki javob berish uchun oʻrnidan turishlari va gapni choʻzmasdan uch yoki undan am soʻzlarni ishlatishlari kerak edi. Har bir gap „janob Jones“ deb boshlanishi shart edi. Jones ularni ushbu qoidalarga rioya qilishlarini nazorat qildi. U avvaliga faqat bir kunlik tajriba oʻtkazish niyatida edi.
Ikkinchi kun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jones o‘z o‘quvchilarining avvalgi kun qoidalariga qatʼiy rioya qilayotganlarini koʻrganidan so‘ng tajribani davom ettirishga qaror qildi. U doskadagi yozuvga „Kuch birlikda“ degan jumlani qoʻshdi va oʻzining „harakatiga“ „Uchinchi toʻlqin“ deb nom berdi. Jones oʻz harakatining nomini toʻlqinlar seriyasining uchinchisi eng kuchlisi ekanli bilan asosladi[3]. Jones xuddi Gitlernikiga oʻxshash koʻkrak qafasi boʻylab yelka tomon qarama-qarshi choʻzilgan qoʻl harakati bilan salomlashish usulini yaratdi. U sinf aʼzolariga sinf ichida ham, tashqarisida ham bir-birlari bilan shunday salomlashishni buyurdi. Shundan so‘ng Jones o‘zining har bir oʻquvchisiga „Uchinchi to‘lqin“ bannerini loyihalash, harakatga aʼzo bo‘lmaganlarni sinfga kiritmaslik yoki harakatga qo‘shilish uchun o‘z do‘stlarini jalb qilish kabi individual topshiriqlar berdi.
Uchinchi kun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tajriba endi yanada hayotiylashib borayotgan edi. Unga maktabning turli burchaklaridan oʻquvchilar qoʻshilishdi. Sinf boshlang‘ich 30 nafar o‘quvchidan jami 43 nafarga ko‘paydi. Jones doskadagi yozuvga „Kuch harakatda“ jumlasini qoʻshdi. Oʻquvchilarga aʼzolik guvohnomasi berildi. Jones oʻquvchilarga yangi aʼzolarni qanday olib kelish haqida koʻrsatma berdi. Kun oxiriga kelib harakat 200 dan ortiq ishtirokchilarni qamrab oldi. Jones uchta oʻquvchiga harakatning boshqa aʼzolari qoidalarga rioya qilmasa, unga bu haqida hisobot berishlarini buyurdi. Bu buyruqdan keyin yigirmaga yaqin oʻquvchi shunday hisobot berganida u chinakamiga hayratda qoldi. Oʻquvchilardan ayrimlari harakatga yetarlicha sodiq emas deb topilganida, ular uchun maktab kutubxonasiga badargʻa qilishdan iborat boʻlgan jazoni qoʻllash ham sinovdan oʻtkazildi.
Toʻrtinchi kun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jones harakatni toʻxtatishga qaror qildi, chunki bu uning nazoratidan chiqib ketayotgan edi. Oʻquvchilar loyihada tobora faolroq ishtirok eta boshlashdi. Bir nechta oʻquvchilar mustaqil ravishda tansoqchilar boʻlinmasini tuzdilar, ular norozi oʻquvchilar va maktab gazetasi muxbiriga jismonan hujum qilishdi. Jones sinfga bu harakat umummilliy harakatning bir qismi ekanligini va ertasi kuni Uchinchi toʻlqinning prezidentlikka nomzodini jamoatchilikka eʼlon qilishini aytdi. U oʻquvchilarga eʼlon guvohi boʻlish uchun juma kuni tushlik payti mitingda qatnashishni buyurdi.
Beshinchi va oxirgi kun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻquvchilarning hammasi soat 11:50 da mitingga yetib kelishdi. Jones oʻzining bir qancha doʻstlarini jurnalist rolini oʻynab berishga koʻndirgan edi. U oʻquvchilarni „Kuch intizomda! Kuch birlikda! Kuch harakatda!“ shiorini baralla aytishga chaqirdi va xonaning o‘rtasida joylashgan televizorni yoqdi. Oʻz rahbarining televideniyedagi murojaati oʻrniga talabalar qorongʻu ekranni koʻrishdi. Bir necha daqiqa kutishganidan soʻng, Jones ularga fashizm haqidagi tajribaning bir qismi boʻlganliklarini va ularning barchasi fashistlar Germaniyasi davridagi nemis fuqarolari kabi shunchaki beixtiyor ravishda ustunlik tuygʻusiga berilib ketganliklarini aytdi. Keyin u hammasi jiddiylashib ketgani uchun oʻquvchilaridan uzr soʻradi av tajribani yakunlash uchun ularga fashistlar rejimi haqida film koʻrsatdi.
Hujjatli filmlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tajribada qatnashgan oʻquvchilar va oʻqituvchi bilan boʻlgam suhbatlar asosida Uchinchi toʻlqin voqealarini aks ettiruvchi Lesson Plan filmi ilk marta 2010-yilda Mill Valley kinofestivalida namoyish etildi. Filmni Jonesning sobiq oʻquvchilari Philipp Neel va Mark Hancock ishlab chiqargan.
2019-yil 19-dekabrda Invisible Line ("Die Geschichte der Welle") nomli nemis hujjatli filmi ham namoyish qilindi. Unda ham Jones va uning oʻquvchilari bilan boʻlgan intervyular taqdim etildi.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „"Lesson Plan, the story of The Third Wave"“. Qaraldi: 2018-yil 13-noyabr.
- ↑ „The Catamount: "Society is Sterile" -- R. Jones“. 2021-yil 23-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 13-noyabr.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 Jones. „The Third Wave“ (1972). 2005-yil 22-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 3-dekabr., and Jones. „The Third Wave“. The Wave Home (1976). 2015-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 3-dekabr.