Kontent qismiga oʻtish

Undovlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Undovlar — his-hayajon, buyruq xitob, haydash, chaqirish kabi maʼnolarni bildiruvchi, gap boʻlaklari bilan grammatik bogʻlanmaydigan soʻz turkumi va shu turkumga oid muayyan soʻzlar. U. asosiy xususiyatlariga koʻra 2 turga boʻlinadi: emotsional (hissiy) U. va buyruqxitob (imperativ) U.

Emotsional U. kishilarning histuygʻusi, ruhiy holatini bildiruvchi U. boʻlib, ular maʼno jihatidan rang-barangdir. Ijobiy emotsional U. matn va ohang bilan bogʻliq ravishda: 1) shafqat, mehribonlik (iye, o, eh); 2) sevinch, zavqlanish, havas (voy, ho, oʻhhoʻ); 3) qoyil qolish, rohatlanish (hayhay, voy, o); 4) mamnuniyat, faxrlanish, xayrixohlik (eha, eh, ehe, oʻhhoʻ, haya, oʻ); 5) undash, ogohlantirish, tasdiq (hayhay, ha) maʼnolarini bildiradi. Salbiy histuygʻularni ifodalovchi U. esa: 1) eʼtiroz, norozilik, shikoyat, zorlanish (qa, ho, voyey, voy, oh, uh, obbo); 2) jirkanish, nafrat, gʻazab, jahl (e, eh, voy, he, ha); 3) achinish, afsuslanish (he, eh, oh); 4) kinoya, kesatiq, piching, koyish (obbo, oha, oʻhhoʻ, hoo, hayhay, hoyhoy); 5) tanbeh, ogohlantirish, kutilmaganlik (e, hayhay, iya); 6) gʻumgʻussa, qaygʻuoʻkinch (eha, oh, eh, voyey, eh); 7) choʻchish, vahima, dahshat (voyey, oh, o, voydod); 8) ajablanish, hayratlanish, ranjish (i, ee, baybaybay, he) kabi maʼnolarni bildiradi.

Tilda rasm odatlar bilan bogʻliq U. ham mavjud boʻlib, ular umumiy hol ahvol soʻrashish, salomlashish, xayrlashish, ragʻbatlantirish, tashakkur, minnatdorchilik kabi maʼnolarni ifodalaydi. Masalan: esonmisiz, omonmisiz, xormang, bor boʻling; assalomu alaykum, assalom, salom, xayr, xoʻsh, xoʻp; balli, barakalla, ofarin, qoyil, rahmat, tashakkur, Qulluq, marhamat va sh.k.

Buyruq xitob (imperativ) U. kishilarga nisbatan ularning diqqatini tortish, ogohlantirish yoki jonivorlarni biror ishni bajarish yoki bajarmaslikka undash kabi maʼnolarni ifodalash uchun xizmat qiladi: odamlarga qaratilgan U.ning ayrimlari (hoy, hey, ey, allo) kishilar diqqatini soʻzlovchiga koʻrsatish uchun, boshqalari esa (tss, qani, jim, tek) taʼkid, buyurish maʼnolarini ifodalash maqsadida qoʻllanadi; hayvon va jonivorlarga qaratilgan U. ularni toʻxtatish, chaqirish, haydash, tinchitish, biror ishni bajarishga undash maqsadlarida qoʻllanadi (behbeh, pishpish, tutu, kuchkuch, mahmah; dirr, xoʻsh, taq, ish; chu, pisht, kisht, xix, kishkish va sh.k.).

Oʻzbek tilida emotsional U. tarkibiga ham, buyruq xitob U. tarkibiga ham kiritib boʻlmaydigan alohida U. guruhi ham mavjud. Koʻrsatish (hu, huv, hovv), javob, taʼkidni (hahaha, ha, xoʻshxoʻsh, a, labbay) bildiruvchi U. shu jumladandir.

  • U s mo nov S, Undovlar, T., 1953; Oʻzbek tili grammatikasi, 2j.li, 1j. T., 1975; Hozirgi oʻzbek adabiy tili, l-qism, T., 1980,