Kontent qismiga oʻtish

Uremiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Uremiya (yun. uron — siydik va haima — qon) — buyrak faoliyati yetishmovchiligi natijasida organizmning siydik bilan zaharlanishi. Ogʻir kechadi. U.da buyrak suv va tuz almashinishi, kislotaishqor muvozanatini rostlay olmay qoladi, oqsil almashinuvining zaharli mahsulotlari toʻplanadi, nervgormonal regulyatsiya ham oʻzgaradi, bu esa organizmdagi barcha aʼzo va sistemalar faoliyatining buzilishiga olib keladi. U utkir va surunkali kechadi.

Oʻtkir U. buyrakning oʻtkir yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladi. Buyrakning oʻtkir yetishmovchiligi ogʻir shikastlanishlar, kuyish, sovuq olishi, qon yoʻqotish, suvsizlanish, allergiya, zaharlanish, sepsis oqibatida yuzaga keladigan shok natijasida umumiy qon aylanishi buzilishidan paydo boʻladi. Surunkali U. buyrakda qon aylanishining buzilishidan (buyrak tomirlarining bekilib qolishi), buyrak kasalliklari (ogʻir, oʻtkir nefrit, surunkali nefrit, piyelonefrit) tufayli, siydik yoʻllarining toʻsilib qolishi (tosh, oʻsma, yalligʻlanish infiltrati) sababli yuzaga keladi. Lohaslanish, quvvatsizlik, tez charchash, bosh ogʻrishi, yaxshi uxlay olmaslik, ishtaha yoʻqolishi, xotiraning pasayishi U. ning dastlabki belgilaridir. Bemor hadeb tashna boʻlaveradi, terisi oqarib, quruq boʻlib qoladi, qichishadi, tez ozib ketadi. Qonni tekshirganda unda azot chiqindilari koʻpayib ketganligi aniklanadi. U.ning soʻnggi bosqichlarida qondagi mochevina va boshqa moddalar teri, shilliq hamda seroz parda orqali chiqa boshlaydi va shu joylarda turli oʻzgarishlar paydo qiladi. Natijada uremik gastrit, kolit, plevrit, perikardit belgilari yuzaga keladi. Jigar, koʻmik funksiyalari buziladi, bemorning qoni kamayib boradi, ayrim aʼzolardan qon ketadi, koʻz xiralashadi. Oʻz vaqtida tegishli davo tadbirlari koʻrilmasa, uremik koma vujudga keladi; bemor kasalxonada davolanishi kerak.

Surunkali U. bilan ogʻriganlarga oqsili juda kam boʻlgan parhez taomlar buyuriladi, osh tuzi ham cheklab qoʻyiladi, shu yoʻl bilan kasallik rivojlanishining oldi olinadi. Surunkali U.ning oldini olish buyrak va siydik yoʻllari yalligʻlanishini oʻz vaqtida davolatishdan iborat. Doimo vrach kuzatuvida boʻlib, siydik va qon tahlillari nazorat qilib turilsa, U. ning oldini olish mumkin.