Kontent qismiga oʻtish

Uretrit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Uretrit — siydik chiqarish kanali (uretra)ning yallig‘lanishi. Patogen mikroorganizmlar (trixomonadalar, achitqisimon zamburugʻlar, viruslar va boshqalar), shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi, allergiya, shikastlanishlar sabab boʻladi.

Klinik kechishiga koʻra, oʻtkir va surunkali, qoʻzgʻatuvchisining turiga qarab soʻzakli, trixomonadali, nospetsifik turlari farqlanadi. Aksari erkaklarda uchraydi. Siyganda achishish, ogʻriq paydo boʻladi; uretradan yiringli chiqindi keladi. Unodatda, jinsiy aloqa qilganda gonokokkdan zararlanish natijasida yuqadi (qarang Soʻzak). Uretraga bakteriyalar (mas, ichak tayoqchasi, streptokokk, pnevmokokk) tushishi, shaxsiy gigiyena qoidalarining buzilishi yoki angina, surunkali tonzillit, ogʻiz boʻshligʻi va boshqa aʼzolardagi yalligʻlanishlardan qon va limfa tomirlari orqali uretraga mikrob o'tishi ham kasallikka sabab boʻladi. Uretritga xos belgilar yuzaga kelishi bilan darhol vrachga uchrashish lozim, aks holda yalligʻlanish uretraning orqa qismi va qovuqqa tarqalib moyak ortigʻi (qarang Epididimit), prostata bezi (qarang Prostatit), urugʻ pufakchasi(qarang Jinsiy aʼzolar)ni ham yalligʻlantiradi, pirovardida bemor bepusht boʻlib qolishi ham mumkin.

Uretritning oldini olish uchun shaxsiy va jinsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, organizmdagi turli yalligʻlanishlar hamda umumiy infeksion kasalliklarni oʻz vaqtida davolatish muhim.