Kontent qismiga oʻtish

Urugʻ (oʻsimliklar)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Urugʻ — 1) oʻsimliklarda (semen) — urugli oʻsimliklar generativ organi, nihol hosil qilish, tarqalish va tashqi noqulay sharoitlardan muhofaza qilish funksiyalarini bajaradi; odatda, urugʻlangandan keyin urugʻkurtakdan rivojlanadi; baʼzan urugʻlanmasdan ham rivojlanishi mumkin (qarang Apomiksis, Partenogenez). U. murtak (embrion), pust (krbiq) va koʻpincha zaxira oziq moddalar (endosperm, perisperm) dan iborat. Baʼzan U. da bir necha murtak boʻlishi mumkin. Murtak zaxira oziq moddalar hisobiga rivojlanadi; bu moddalar endosperm va perispermda toʻplanishi mumkin. Endosperm va perisperm boʻlmagan urugʻlarda zaxira oziq moddalar (oqsil, yogʻ, kraxmal, qand, vitaminlar va boshqalar) urugʻ pallalarda toʻplanadi. U. qobigʻi urugʻkurtak devoridan hosil boʻladi. Baʼzi oʻsimliklar U.ining qobigʻi tashqi (etli, sersuv) va ichki (qattiq, quruq); boshqa oʻsimliklarniki qattiq, qalin yoki yupqa boʻladi. Urugʻning kattaligi va ogʻirligi har xil; mas, orxideyalarda chang kattaligida, palmalarda juda yirik. Bitta mevada bittadan bir necha ming, hatto mln.gacha U. boʻlishi; bitta oʻsimlik (ayniqsa, begona oʻtlar) minglab U. berishi mumkin. Har xil oʻsimliklar U.ining unib chiqish muddati turlicha boʻlib, bu U.ning saqlanish sharoitiga bogʻliq. Tarixiy rivojlanish jarayonida U. oʻsimliklarning quruklik muxitiga moslanishi natijasida paydo boʻlgan. U. oziq-ovqat sifatida ishlatiladi. U.dan un, moy, kraxmal, boʻyovchi va dorivor moddalar olinadi. Koʻpchilik oʻsimliklar U.i yoki uni mol va parrandalarga yem sifatida beriladi. Gʻoʻza U.i (chigiti) tolalari (paxtasi) toʻqimachilik sanoatining asosiy xom ashyosi; 2) odam va hayvonlarda U. — urugʻ suyuqligi, yaʼni syaye/shedan iborat.