Kontent qismiga oʻtish

Usmonxon Eshonxoʻjayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Usmonxon Eshonxoʻjayev
Tavalludi 1899-yil 14-oktyabr
Vafoti 1938-yil 4-oktabr
Toshkent
Kasbi Jurnalist, tarjimon

Usmonxon Eshonxoʻjayev (1899. 14.10, Andijon— 1938.4.10, Toshkent) — jurnalist, tarjimon va jamoat arbobi.

1899-yil 14-oktyabrda Andijon shahrida tugʻilgan. Ijtimoiy kelib chiqishiga koʻra paxtakorning oʻgʻli, otasining 10 gektar yeri, 2-3 oti, yollanma ishchisi boʻlgan. 1910-yili vafot etgan[1].

Usmonxon besh yoshidan eski musulmon maktabida, Andijon rus-tuzem maktabi (1909—13), oliy boshlangʻich bilim yurtining 4-sinfini tugatgan. Keyin erlar gimnaziyasida tahsil olgan. Moskvada Kommunistik universitet (1920), Qizil professorlar instituti (1925— 30)da oʻqigan. Falsafa boʻlimini bitirgan.

1914-1917-yillarda Andijondagi yashirin „Ittihod va taraqqiy“ tashkilotining faol aʼzosi, keyinchalik „Milliy Ittihod“ tashkilotida faoliyat koʻrsatgan. Andijondagi gimnaziyada dars bergan. „Turkistanskiy slova“ va „Turkistanskiy golos“ gazetalarida ishlagan[2]. Tahririyatda rus tilini mukammal bilgan Eshonxoʻjayevning hurmati yaxshi boʻlgan. „Maorif havaskorlari“ jamiyatini tashkil etgan. 1918-yili Fargʻonada yuz bergan ocharchilik paytlarida qahatchilikdan oʻlib ketayotgan minglab ochlar, yetim-yesirlarni saqlab qolishda jonbozlik koʻrsatgan. Ularga yordam beruvchi „Qizil yarim oy“ jamiyatini tuzgan.

Turkiston ASSR Maorif xalq komissari (1921—22). 1922-yili yuldan u Turkiston Kompartiyasi MK matbuot sektori boshligʻi, tashviqot va targʻibot boʻlimi mudirining oʻrinbosari va boʻlim mudiri, sifatida faoliyat yuritadi. 1924-yil 17-fevralda Toshkentdagi Sovetlar uyida Turkiston respublikasi „Qoʻshchi“ ittifoqining II qurultoyi ochiladi. Qurultoyda maʼruza qilgan Eshonxoʻjayev mahalliy xalq ayollarini „Qoʻshchi“ ittifoqiga, Sovetlar ishiga jalb etishning ahamiyati haqida gapiradi. U shundan soʻng Turkiston Kompartiyasi markazqoʻmi targʻibot va tashviqot boʻlimiga mudirlik qila boshlaydi[3].

„Turkiston“ va „Qizil bayroq“ hamda „Inqilob“ va „Bilim oʻchogʻi“ jurnallarining muharriri. 1931-1932-yillarda VKP (b) Shimoliy Kavkaz oʻlka komiteti madaniy-targʻibot boʻlimiga, tashkiliy boʻlimga mudir boʻladi. Eshonxoʻjayev keyinchalik Moskvada, Chechen-Ingushiyada, Rostovda, Mikoyan shahrida, Qozon shahrida va SSSRning turli joylarida partiya ishlarida ishlagan.

Eshonxoʻjayev Qozon shahrida NKVDning davlat xavfsizlik komiteti boshqarmasi 4-boʻlimi tomonidan qamoqqa olinib (1937-yil 15-avgust), Toshkentga joʻnatilgan. Xavfsizlik komiteti xodimi Sagdeyev ishtirokida 25-yanvarda mahbus anketasi toʻldirilgan. Unda Eshonxoʻjayevning yashash manzili — Qozon shahri Bolshaya Galaktinskaya koʻchasi, 3-uy, 74-deb koʻrsatilgan. Unga Moskvadagi oʻzbek talabalari oʻrtasida sovetlarga qarshi millatchi yoshlar tashkilotini tuzganlik va rahbarlik qilganlik, Fayzulla Xoʻjayev, Sultonbek Xoʻjayev, Turor Risqulov, Abdulla Rahimbekov boshchiligida sovetlarga qarshi birlashgan Markaz bilan aloqa bogʻlaganlik kabi ayblar qoʻyilgan.

SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 4-oktabrda Toshkentdagi yigʻilishi Usmonxon Eshonxoʻjayevni otuvga hukm qilgan. Hukm oʻsha kuni ijro etilgan. 1957-yilda oqlangan. Andijon viloyati oʻqituvchilar malakasini oshirish instituti E. nomi bilan ataladi[4].

  1. Rustambek Shamsiddinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari. 1-kitob. Toshkent, „Sharq“ 2012 — 77-bet. ISBN 9789943004818. 
  2. Rustambek Shamsutdinov, Abdurahmon Ishoqov. Andijon tarixidan lavhalar. Toshkent, Sharq 2013 — 241-bet. ISBN 978-9943-26-076-4. 
  3. Шамсутдинов Р.. Истиқлол йўлида шаҳид кетганлар. Toshkent, „Sharq“ 2001 — 354-bet. 
  4. "Usmonxon Eshonxoʻjayev" OʻzME. U-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil