Kontent qismiga oʻtish

Vahdatush-shuhud

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vahdatush-shuhud (arab. وحدة الشهود - guvohliklar birligi). Halloj, Jiyliy va Simnoniy kabi mutasavviflar tomonidan ilgari surilgan bir-birini taqozo etmaydigan, mustaqil gʻoyalar nomi.

Atama turli davrlarda turlicha ma’nolarni anglatib kelgan. Shu jihatdan, atama qaysi davrga oid va kimning asarida tilga olinayotganiga koʻra ta’riflanadi. 1) Halloj va uning izdoshlari asarlarida vahdatush-shuhud Halloj tomonidan ilgari surilgan Lohut va Nosutning birligi haqidagi ta’limot ekanligi aytiladi. Unga koʻra Iloh sufiyning qalbida oʻzini mushohada qiladi (kuzatadi) va oʻz navbatida sufiy ham oʻzida Ilohni mushohada qiladi, ammo bu bilan sufiyda «javhar» oʻzgarishi sodir boʻlmasligi aytib oʻtiladi. 2) Mutasavvuf Abdulkarim Jiyliy (1365—1428) talqinida vahdatush-shuhud Halloj gʻoyalariga hamohang boʻlib, unga koʻra inson mukammal tizim - «al-olam al-asgʻar» (kichik olam) sifatida namoyon boʻladi. Ilohning moddiy olam - «al-olam al-akbar»ga tajalliysi tarqoq (munfasil) holda boʻlib, faqatgina «komil inson»dagina tajalliy batamom roʻyobga chiqishi va shundagina mushohada yaxlit holat kasb etishi aytib oʻtiladi.

Keyinchalik ushbu gʻoyalar Ibn Arabiy tomonidan tizimlashtirilib, «Vahdatul-vujud» nomini olgan. Shu sababli, ba’zi klassik adabiyotlarda uchraydigan vahdatush-shuhud ta’rifi bilan vaxdatul-vujud aynan bir xil keladi. 3) Alouddavla Simnoniy nomi bilan mashhur Ahmad ibn Muxdmmad Biyobanakiy (1261—1336) Ibn Arabiy gʻoyalarini qatiy inkor qilib, vaxdatush-shuxud, deb nomlangan yangi ta’limotni ilgari surdi. Simnoniy Iloh tomonidan ato etilgan qalb musaffoligi sifati bilangina uni anglash mumkin ekanini ta’kidlaydi. Simnoniyning ta’limoti Eron (XVI asr oʻrtalarigacha), Movarounnahr, Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindistondagi tasavvufiy qarashlarga oʻz ta’sirini oʻtkazgan. Uning ta’limotini yakuniy koʻrinishga keltirib, tizimlashtirgan shaxs Imom Rabboniy nomi bilan mashhur Ahmad Sirhindiy (1564—1624) hisoblanadi.

Imom Rabboniy Simnoniy gʻoyalarini Hindiston va Afgʻonistondagi naqshbandiya jamoalari orasida tarqalishiga hissa qoʻshgan. Tariqatlarda sof e’tiqod oʻrnatilishiga intilgan. Imom Rabboniy oʻsha davrda keng tarqalgan «Barcha narsa U» tamoyilini inkor etib, uning oʻrniga «Barcha narsa Undan» tamoyilini ilgari suradi. Hozirda vahdatush-shuhud deganda asosan, Simnoniy va Imom Rabboniy tizimlashtirgan ta’limot tushuniladi[1].

  1. Usmonov, Olimov, Yo'ldashxo'djayev, Faxriddinov, To'ychiyeva, Jabborov, Cho'tmamatov, Rahimov, Komiljonova, Karimova, Nurmuhammedov, Erkaboyeva, Jurayev 2015, s. 65.
  • Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360-bet. ISBN 978-9943-12-346-5.