Venalarning varikoz kengayishi
Venalarning varikoz kengayishi (lot. varix — venalarning kengayishi) — venalarning kengayib choʻzilishi va tugun-tugun boʻlib qolishi. Asosan yuza joylashgan venalar: oyoq, toʻgʻri ichak (qarang Bavosir), urugʻ tizimchasi (qarang Varikotsele) va qiziloʻngachning shilliq qavati ostidagi venalar kengayadi. Vena devorining tugʻma zaifli-gi. moʻrtlashuvi, qopqoqlari (klapanlari)ning yetishmovchiligi tomirlarda qon oqishi maromini izdan chiqarib, ular ichidagi bosimning oshishiga olib keladi. Ogʻir jismonny ish qilish, tik oyokda ishlash (kasbga aloqador), chanoq venalarini homilali bachadon ezib qoʻyishi va b. kasalliklar natijasida qon oqishining qiyinlashuvi sabab boʻladi. Kengaygan venalar teri ostidan tuguntugun (varikoz tugunlar) boʻlib, boʻrtib koʻrinib turadi.
Kasallik asta-sekin paydo boʻladi. Kengaygan venalar oyokda boʻlsa, bemor tik turganida yaqqol koʻzga tashlanadi. Venalari kengaygan joy terisining qon bilan taʼminlanishi buzilishi oqibatida shu soha terisi yupqalashib, rangi oʻzgaradi, salga jarohatlanadigan boʻlib qoladi, keyinchalik shu joyda trofik yara hosil boʻlishi mumkin. Oyoq ogʻriydi, bemor tez charchaydi, ogʻriq ayniqsa uzoq turib qolganda yoki kechga borib zoʻrayadi, oyoq shishib, yurish qiyinlashadi. Venalar juda kengayib, ularda qon oqishi qiyinlashishi, turli yalligʻlanishlar va tromblar (qarang Tromboflebit) paydo boʻlishi mumkin.
Davosi, odatda, kasallikning kechishiga bogʻliq; yengilroq xilida elastik bint bogʻlash, maxsus paypoq kiyish, badan tarbiya, davo fizkulturasi, yengil gimnastika, shuningdek fizioterapevtik muolajalar, dori-darmonlar buyuriladi. Kasallik zoʻrayib ketganda jarrohlik usuli qoʻllanadi. Oldini olish uchun yengil badan tarbiya mashqlarnni bajarish, ishdan keyin ozroq masofaga sekin piyoda yurib borish, organizmni chiniqtirish (choʻmilish, quyoshda toblanish va b.), vitaminlar qabul qilish lozim.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |