Kontent qismiga oʻtish

Vestgotlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vestgotlar, vizigotlar, tervinglar — german qabilasi, gotlarning gʻarbiy tarmogʻi. Mil. 3—4-asrlarda Dnestr daryosining gʻarbiy tomonida yashagan V. 4-asrning 70-y.larida hunnlar siquvi ostida Dunay daryosidan oʻtib Myoziyaga oʻrnashganlar (qarang Xalqlarning buyuk koʻchishi). 418-yil Jan. Galliyada Gʻarbiy Rim imperiyasi hududida markazi Tuluza sh. boʻlgan ilk varvar qirolligini barpo etganlar. 5-asr 2-yarmida V. Ispaniyaning katta qismini egallab olganlar. 507-yil franklar tomonidan Jan. Galliya bosib olingach, bu yer V. qirolligining asosiy hududi boʻlib qolgan; 6-asr oʻrtasidan uning poytaxti Toledo sh. boʻlgan. V. ayrim mahalliy yer egalari qoʻlidagi haydaladigan yerlarning 2/3 qismini tortib olganlar. Rim tartiboti bilan yaqindan tanishish V.larga urugʻ-qabilachilik munosabatlaridan ilk mulkchilik tuzumiga oʻtish imkonini bergan. Vestgot qirolligida hukmron etnik guruh boʻlgan bosqinchi V. asta-sekin mahalliy ispan-rim aholisi bilan aralashib ketgan. 711—718-yillarda V. davlati arablar tomonidan zabt etilgan (yana q. Ispaniya).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil