Viktor Bikovskiy
Viktor Bikovskiy | |||
---|---|---|---|
Asl ismi | ruscha: Виктор Иванович Быковский | ||
Tavalludi |
15-may 1919-yil Ternovka, Balashovskiy tumani, Saratov viloyati | ||
Vafoti |
31-iyul 1973-yil (54 yoshda) Kishinyov | ||
Fuqaroligi | SSSR | ||
Qoʻshin turlari | harbiy tibbiyot | ||
Xizmatdagi yillari | 1939-1956-yillar | ||
Unvoni | |||
Jang/urush | Ikkinchi jahon urushi | ||
Mukofotlari |
|
Viktor Ivanovich Bikovskiy (ruscha: Виктор Иванович Быковский; 1919-yil 15-may — 1973-yil 31-iyul) — sovet ofitseri va shifokor, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (26.10.1943).
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1919-yil 15-mayda Ternovka qishlogʻida (Balashovskiy tumani, Saratov viloyati) dehqon oilasida tugʻilgan. 1921-yilda uning onasi, 1935-yilda esa — otasi vafot etdi, Bikovskiy 1936-yilgacha Engels tumani Lipovka qishlogʻidagi Voroshilov bolalar uyida tarbiyalangan. 1936-yildan amakisi bilan yashagan. 1939 -yilda Bikovskiy Petropavlosk tibbiyot texnikumini bitirgan. Shu yilning oʻzida Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan.
1941-yildan boshlab, Viktor Bikovskiy Kattaqoʻrgʻonda (Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR) 213-o‘qchilar diviziyasi, 201-alohida pulemyot batalyoni tarkibida xizmat qilgan. 1943-yildan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1943-yil sentyabriga kelib tibbiy xizmat gvardiya leytenanti Viktor Bikovskiy 224-gvardiya o‘qchilar polki (72-gvardiya o‘qchilar diviziyasi, 7-gvardiya armiyasi) sanitar vzvodiga boshchilik qilardi. U Dnepr uchun kechgan janglarda jonbozlik koʻrsatdi[1].
1943-yil 24-25 sentyabrga oʻtar kechasi Bikovskiy guruh tarkibida Dneprni (Verxnedneprovskiy tumani, Dnepropetrovsk viloyati, Ukraina SSR) Borodayevka qishlogʻi yaqinida kechib oʻtdi. Qishloq uchun janglarda, batalyonning tibbiyot punktidagi yaradorlarni nemis boʻlinmalarining hujumidan himoya qilish paytida ogʻir yaralandi, ammo jang maydonini tark etmagan holda mudofaani davom ettirdi. Bikovskiyning harakatlari tibbiyot punktidagi yaradorlarning hayotini saqlab qolishga imkon berdi[2].
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 26-oktyabrdagi farmoni bilan „Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qoʻmondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda koʻrsatgan jasorati va qahramonligi uchun“, tibbiy xizmat gvardiya leytenanti Viktor Bikovskiy Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan[3].
1943-yil oxirida Bikovskiy gospitaldan chiqarildi va frontga qaytdi. U Bug, Prut, Dnestrni kechib oʻtishda, Ukraina va Ruminiyani ozod qilinishida ishtirok etgan. Oʻsha yilning avgust oyida u oʻqishga yuborildi. 1945-yilda Bikovskiy stomatologlari kursini tugatdi. 1956-yilda mayor unvoniga ega boʻlgan Bikovskiy zaxiraga boʻshatildi.
1957-1963 yillarda Angarsk va Irkutskda protezchi tish shifokori boʻlib ishlagan. 1963-yildan Kishinyovdagi 2-sonli shahar kasalxonasida shifokor boʻlib ishlagan. 1973-yil 31-iyulda vafot etgan, Kishinyovda dafn etilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ war-heroes.uz. „BIKOVSKIY VIKTOR IVANOVICH“.
- ↑ warheroes.ru. „Быковский Виктор Иванович“.
- ↑ Geroi Sovetskogo Soyuza: Kratkiy biograficheskiy slovar / Pred. red. kollegii I. N. Shkadov. — M.: Voenizdat, 1987. — T. 1 /Abaev — Lyubichev/. — 911 s. — 100 000 ekz. — ISBN ots., Reg. № v RKP 87-95382.