Vladimir Nalivkin
Vladimir Nalivkin | |
---|---|
Tavalludi | 6 (18) fevral 1852 va 8-mart 1852 |
Vafoti | 20-yanvar 1918 va 15-fevral 1918 |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi |
Vladimir Petrovich Nalivkin (1852.15.7, Kaluga - 1918.20.1, Toshkent) — tarixchi, sharqshunos, lingvist va pedagog.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1852-yil 25-fevralda (boshqa ma'lumotlarga ko'ra, 15-iyul) Kaluga shahrida zodagon oilasida tug'ilgan.
1-harbiy gimnaziyani, keyin Pavlovsk harbiy bilim yurtini tamomlagan. Kollejni tugatgach, Orenburg kazak polkiga xizmat qilish uchun yuborildi. 1873-yil artilleriya bilim yurtini tugatgach, Turkistonda xizmat qilgan, Xiva va Qoʻqon yurishlarida qatnashgan. Qisqa muddat Namanganda harbiy boshliqning yordamchisi boʻlib ishlagan. Yerli aholining tili, turmushi va urf-odatlarini yaqindan oʻrganish uchun Nanay qishlogʻidan yer sotib olib, oilasi bilan shu yerda bir necha yil yashagan. Oʻzbek, tojik, arab tillarini puxta oʻrgangan. N. Turkiston oʻlkasida ochilgan birinchi rus-tuzem maktabining dastlabki oʻqituvchilaridan boʻlgan, Toshkent oʻqituvchilar seminariyasida mahalliy tillardan dars bergan (1890-yilgacha). 1890—95 yillarda Sirdaryo, Fargʻona va Samarqand gubernatorining yordamchisi boʻlgan. II Davlat dumasining deputatligiga saylangan. 1917-yilda Muvaqqat hukumatning Turkiston qoʻmitasiga raislik qilgan, mensheviklarni yoklagan.
Ilmiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Turkiston oʻlkasining tarixi, etnografiyasi, islom madaniyatiga doir koʻplab asarlar yozgan, oʻzbek ("sart"), fors tillari boʻyicha qoʻllanmalar yaratgan, "sartcha" (oʻzb.)-ruscha, ruscha-"sartcha" (oʻzb.), ruscha-forscha lugʻatlartuzgan. Akad. V. V. Bartoldnint taʼrificha, N. "ruslar orasida oʻzbek tili va turmushini eng yaxshi bilgan" olim edi. Uning xotini M. V. Nalivkina bilan birga yozilgan "Fargʻonadagi oʻtroq aholi ayollarining turmushiga doir ocherklar" hamda "Qoʻqon xonligining qisqacha tarixi" asarlari sharqshunos olimlar tomonidan yuqori baholangan. Keyingi asar 1899-yilda Parijda fransuz tilida A.Dozon tarjimasida bosilgan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bolsheviklar Taʼsis majlisini tarqatib yuborib, zoʻravonlik bilan hokimiyatni bosib olgandan keyin N. boʻlajak qatagʻonlar va vahshiyliklarni oldindan koʻra olgan. U 1918-yil 20-yanvarda Toshkentda bolsheviklar tuzumiga norozilik sifatida xotinining qabri ustida oʻzini otib oʻldirgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Russko-sartovskiy i sartovskorusskiy slovar, s prilojeniyem kratkoy grammatiki po narechiyam Namanganskogo uyezda, sost. V. Nalivkin i M. Nalivkina, Kazan, 1884; Azbuka dlya russko-musulmanskix shkol osedlogo naseleniya Turkestanskogo kraya, izd., 2, ispr, T., 1986; Sartovskaya xrestomatiya dlya Turkestanskoy uchitelskoy seminarii, T., 1896; Rukovodstvo k prakticheskomu izucheniyu sartovskogo yazika, Samarqand, 1898.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
==
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |