Vrachlik punkti
Vrachlik punkti - OʻzR shahar va qishloqlarida tashkil etiladigan tibbiy muassasa. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining "1996—2000 yillarda qishloqlar ijtimoiy infrastrukturasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida" chiqargan (1996.21.5 №182) qaroriga muvofiq birinchi marta 1996 yilda tashkil etilgan. V. p. da kamida 10—12 xona, jumladan katta yoshdagi kishilar va bolalarni umumiy qabul qiladigan vrach xonasi, roʻyxatga olish, muolaja qilish, elektrokardiografiya, fizioterapiya, ayollarni koʻzdan kechirish, shuningdek bolalarni emlash (vaksinatsiya) xonalari boʻladi. Kunduzi yotib davolanadigan xonalar, dorixona ham boʻlishi shart. V. p. oʻzi xizmat koʻrsatadigan aholi oʻrtasida profilaktik va sogʻlomlashtirish ishlarini olib boradi. Muayyan hududda yashaydigan 1500—2000 aholiga 1 vrach umumiy amaliy yordam koʻrsatadi. V. p. onalar va bolalar sogʻligʻini muhofaza qiladi; sil, onkologik, tanosil kasalliklariga qarshi kurash olib boradi; aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etadi.
V. p. xodimlarining vazifasi quyidagilardan iborat: shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish; punktga biriktirilgan katta yoshdagi kishilar va bolalar oʻrtasida kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash va sogʻlomlashtirish ishlarini olib borish; uyga borib tibbiy yordam koʻrsatish; punktda kunduzi yotib davolanayotgan va uyda davo olayotgan bemorlarga muolaja qilish; bolalarni oʻz muddatida emlash; maʼlum muddatlarda va tasdiqlangan hujjatlarga muvofiq aholini profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turish; mehnatga qobiliyatsizlikni aniqlash va kasallik varaqasi berish.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |