Xalq taʼlimi
Xalq taʼlimi — milliy darajada davlat tomonidan mamlakat farzandlari uchun joriy etilgan majburiy (yoki taklif etiladigan) taʼlim tizimidir. Xalq taʼlimi ko‘pgina davlatlarda asosan umumiy o‘rta taʼlimni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda bu sohada mas’ul organ sifatida Xalq taʼlimi vazirligi yagona davlat siyosatini olib boradi.
Xalq taʼlimi atamasi tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalq taʼlimi tushunchasi XX asrning 80-yillarida oʻzbek tili leksikasidan oʻrin oldi. Ungacha „xalq maorifi“ atamasi qoʻllangan boʻlib, u kishilarning bilimi va ongini oshirish, umumiy saviyasini koʻtarishga qaratilgan taʼlim-tarbiya tarzida, nisbatan torroq maʼnoda qoʻllangan. „Xalq taʼlimi“ atamasi ilm-fan yoki kasb-hunar sohalari boʻyicha egallanishi zarur boʻlgan maʼlumot va koʻnikmalar majmuini, taʼlim-tarbiya, axloq, odob, koʻrsatma, bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirish, yoʻl-yoʻriq oʻrgatish tushunchalarini qamrab oladi. Bu atama zamirida mamlakat fuqarolarini nafaqat maʼrifatli, savodli qilish, balki ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirish jarayoni ham qamrab olinadi.
O‘zbekistonda xalq taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Taʼlim to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririga ko‘ra umumiy o‘rta taʼlim (I-XI sinflar) bosqichlari quyidagilardan iborat:[1]
Boshlang‘ich taʼlim (I-IV sinflar)
Tayanch o‘rta taʼlim (V-IX sinflar)
O‘rta taʼlim (X-XI sinflar)
Umumiy o‘rta taʼlim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
Boshlang‘ich taʼlim taʼlim oluvchilarda umumiy o‘rta taʼlimni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, malaka va ko‘nikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Tayanch o‘rta taʼlim o‘quv dasturiga muvofiq taʼlim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
Tayanch o‘rta taʼlim doirasida (VII sinfdan so‘ng) taʼlim oluvchilarda kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ularni professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.
O‘rta taʼlim o‘quv dasturiga muvofiq taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalar o‘zlashtirilishini, shuningdek taʼlimning keyingi turi tanlanishini hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblar egallanishini taʼminlaydi.
Professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek taʼlim oluvchilarni yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarga tayyorlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Umumiy o‘rta taʼlim umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida uzluksiz tarzda, majburiy bo‘lgan o‘n bir yil davomida amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus taʼlim akademik litseylarda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta taʼlim asosida ikki yil mobaynida amalga oshiriladi va taʼlim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini, shuningdek chuqur, tabaqalashtirilgan, kasb-xunarga va shaxsga yo‘naltirilgan taʼlim olishini taʼminlaydi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlarida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Iqtidorli va isteʼdodli bolalarning qobiliyatini rivojlantirish uchun Prezident, ijod va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek maktab-internatlar tashkil etilishi mumkin.
Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim tashkilotlarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda taʼlim oladi.
Umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining sinflarida (guruhlarida) taʼlim oluvchilar soni o‘ttiz besh nafardan oshmasligi kerak.
Xorijiy davlatlarda xalq taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalq taʼlimini boshqarishning markazlashgan, markazlashmagan va aralash turlari mavjud. Markazlashgan boshqaruvda taʼlim tarbiya jarayonini boshqarish taʼlim vazirligi hamda uning joylardagi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Boshqaruvning bunday shakli Fransiya, Italiya, Belgiya va Lotin Amerikasi mamlakatlarida yoʻlga qoʻyilgan. Bu mamlakatlarda davlat maktablarning moddiy taʼminoti bilan shugullanadi, ularni dastur, darslik, metodik va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlaydi, maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni olish uchun yagona talablarni belgilaydi, oʻqituvchilarni tanlash hamda tayyorlash ishlari bilan shugʻullanadi.
Markazlashmagan boshqaruvda taʼlimni boshqarish joylardagi maʼmuriy organlar tomonidan amalga oshiriladi. Maktablar taʼminoti aholi zimmasida boʻladi. Davlat tomonidan maʼlum vazifalar, baʼzi hollarda qisman moliyaviy ehtiyojlarni qondirish ishlari amalga oshiriladi. Bunday tur Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya va AQShda tashkil etilgan. Mas, AQShda har bir shtatning taʼlim boʻyicha oʻz qonunlari mavjud.
Aralash turdagi boshqaruvda taʼlim-tarbiya jarayonining barcha ishlari markaziy va mahalliy hokimiyat organlari hamkorligida amalga oshiriladi. Hindiston, Pokiston, Yangi Zelandiya mamlakatlarida taʼlimni boshqarish shu tarzda amalga oshiriladi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ https://lex.uz/docs/-5013007
- ↑ OʻzME
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘zbekiston Respublikasining „Taʼlim to‘g‘risida“gi Qonuni, 23.09.2020 yildagi O‘RQ-637-son
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |